Qadriyatlarning qadriga yetishga undagan ayyom
Bu yil ilk marta muborak Qurbon hayiti ayyomi mamlakatimizda qatʼiy karantin sharoitida nishonlandi.
Bu yil ilk marta muborak Qurbon hayiti ayyomi mamlakatimizda qatʼiy karantin sharoitida nishonlandi.
Eʼtiborga molik jihati, barcha hamyurtlarimiz ushbu bayramga yuzaga kelgan mavjud vaziyatni teran tushungan holda yondashdi. Davosi hozircha nomaʼlum boʻlgan kasallikka yoʻl bermaslik maqsadida gurra-gurra mehmonga, yoʻqlovga borilmadi. Hayit ayyomi har bir xonadonning oʻzida — oila davrasida nishonlandi. Ushbu ayyom mohiyatida mujassam boʻlgan xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish, xalqimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻlida zarur barcha choralar koʻrildi.
Qutlugʻ ayyom arafasida davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu hujjat bugungi gʻoyat murakkab sharoitda ehtiyojmand oilalar, boquvchisini yoʻqotganlar, nuroniylarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Ayni paytda 1-sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, mazkur hujjatdan aholining turli toifa qatlamlari uchun ham amaliy ragʻbatlar koʻzda tutilmoqda.
— Garchi karantin boʻlsa-da, muborak kunlar arafasida erta tongdan kelinlar, qizlar xonadonlar atrofini chinnidek tozalashidek anʼanalarimiz yana-da kengroq quloch yoydi, — dedi poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Mingchinor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Xolida Fozilova. — Belgilangan tartib-qoidalarga ogʻishmagan tarzda yolgʻiz nuroniylar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi. Ularga sovgʻa-salomlar topshirildi. Imkon qadar koʻnglini koʻtarishga harakat qildik.
Darhaqiqat, ulugʻ ayyom kunlari xalqimizning ahillik, hamjihatlik, qiynalganning ogʻirini yengil qilishdek ezgu fazilati yana bir karra namoyon boʻldi.
— Yurtdoshlarimiz omonlikda, xotirjamlikda, tani sihatlikda oʻtadigan har bir kunning qadriga yana-da koʻproq yetmoqda, — dedi Shayxontohur tumanidagi “Xadra” mahalla fuqarolar yigʻini nuroniysi Nafisa Sayidahmedova. — Nainki xalqimiz, balki kurrai zaminni chirmab olgan koronavirus balosi sabab salomatlik, ozodalik, poklik, tinchligu shukronalikda oʻtgan kunimizning oʻzi eng katta neʼmat ekanini yana bir bor anglamoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan qiynalgan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarni shunday muborak kunlarda yana-da koʻproq qoʻllab-quvvatlayotgani ijtimoiy ahvoli ogʻir xonadonlar ogʻirini yengil qilish yoʻlidagi amaliy eʼtiborning yorqin namunasidir.
Darhaqiqat, shunday muborak kunlarda hayotning, tirikligu sogʻlikning, ezgulik, muruvvat, odamiylik, qadrdonlar diydorining qadriga tobora koʻproq yetayapmiz!