Qadimiy me’morchilik va milliy san’at maskani
Andijon shahrining Eski shahar hududida joylashgan «Jome» me’moriy majmuasi boy tarixi, milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik salohiyatini o‘zida mujassam etgan maskanlardan biri. Bugun ushbu tarixiy majmua nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Majmua XIX asr oxirida nufuzli kishilardan Muhammadaliboy tashabbusi bilan taniqli me’mor usta Isaxon Muhammad Muso o‘g‘li loyihasi asosida Farg‘ona vodiysi me’morchilik maktabi an’analariga muvofiq barpo etilgan. O‘ziga xos me’moriy yechimlari, gumbazlari, xonaqohi va ko‘plab xonalarni birlashtirgan inshoot o‘sha davr me’morchilik san’atining diqqatga sazovor namunalaridan hisoblanadi.
Tarixning turli davrlarida majmua ta’lim maskani, turar joy va omborxona sifatida foydalanilgan. Keyinchalik ta’mirlanib, madaniy maskan sifatida qayta faoliyat yurita boshlagan. Bugun bu yerda tarixiy muhit, milliy qadriyatlar va zamonaviy qulayliklar o‘zaro uyg‘unlashgan.
Majmua hududida tashkil etilgan amaliy san’at va badiiy hunarmandchilik markazi ham tashrif buyuruvchilar e’tiborini tortmoqda. Bu yerda milliy uslubda tayyorlangan esdalik sovg‘alari, qo‘l mehnati mahsulotlari va turli hunarmandchilik buyumlarini uchratish mumkin.
Har bir buyumda xalqimizning boy madaniy merosi, milliy didi va asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hunarmandchilik an’analari aks etadi. Hunarmandlar tomonidan yaratilayotgan mahsulotlar milliy amaliy san’atning o‘ziga xos jihatlarini namoyon etish bilan birga, uni keng targ‘ib qilishga ham xizmat qiladi.
[gallery-31938]
Shu bois «Jome» majmuasiga tashrif buyurgan sayyohlar bu yerda tarixiy me’morchilik namunalari bilan tanishish barobarida, andijonlik hunarmandlarning ijodi, milliy hunarlarning o‘ziga xos xususiyatlari va xalqimizning boy madaniy merosi haqida ham tasavvurga ega bo‘ladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA