Putin, Si Szinpin va Modi dunyoda yangi tartib o‘rnatish zarurligini aytdi (+video)
Hindistonda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti ishtirokchilari dunyoda G‘arb davlatlari hukmronligiga asoslangan hozirgi tizim o‘rniga yangi tartib o‘rnatishni istashlarini ma’lum qildi, deb xabar qildi VVS.
Ammo BRIKS a’zolari bo‘lgan Rossiya, Xitoy va Hindistonning manfaatlari bir-biridan farq qiladi. Ularning AQSH bilan munosabatlari ham turlicha. Shuning uchun savol tug‘iladi: ular qanday qilib yangi dunyo tartibini yaratish haqida kelisha oladi?
Yevropada Rossiya xavfsizlikka tahdid sifatida qaraladi. BRIKS doirasida esa Moskva o‘zini rivojlanayotgan davlatlarga neft, o‘g‘it va metall yetkazib bera oladigan hamkor sifatida ko‘rsatmoqda. Bu davlatlarni AQSH boshchiligidagi urushlar va inqirozlar tufayli ta’minotdagi uzilishlar xavotirga solmoqda.
Kreml bu sammitni Rossiya Ukrainadagi urushi sabab xalqaro maydonda yakkalanib qolmaganining navbatdagi dalili sifatida ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, BRIKSning eng yirik davlatlari Rossiyaning urush harakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita yordam bermoqda: Xitoy Moskvaga turli maqsadlarda, jumladan harbiy sohada ham ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlarni yetkazib berishda davom etmoqda; Eron Rossiyaga dron texnologiyalarini bermoqda; Hindiston esa Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Biroq bu davlatlarning barchasini tabiiy ittifoqchilar deb bo‘lmaydi. Ular o‘rtasida ilgari hududiy nizolar va hatto qurolli to‘qnashuvlar ham bo‘lgan.
Masalan, 2020-yilda Hindiston va Xitoy o‘rtasida bahsli chegara hududida yuz bergan to‘qnashuv insonlar o‘limiga olib keldi. Eron va BAA esa Yaqin Sharqdagi hozirgi urushda qarama-qarshi tomonlarda turibdi. Britaniyaning Financial Times gazetasi yozishicha, sammitda Rossiya prezidenti dunyoda yangi tartib o‘rnatish va ta’sir markazini Janub hamda Sharq tomon siljitish haqidagi chaqiriqlarni qo‘llab-quvvatladi.
Putin, shuningdek, «o‘zgarayotgan voqelik bilan kelishishni istamaydigan va kuchayib borayotgan raqiblarini har qanday yo‘l bilan to‘xtatishga urinayotgan» davlatlarni tanqid qildi.
Si Szinpin esa sun’iy intellekt sohasida yangi tashabbuslarni taklif qildi. Xitoyning «Sinxua» davlat agentligiga ko‘ra, bu tashabbuslar umumiy farovonlikka olib boruvchi yo‘lni yoritishi kerak. Bu tashabbus Pekinning rivojlanayotgan davlatlarda o‘z sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada faol targ‘ib qilishga qaratilgan kengroq strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Sammit qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi bilan yakunlandi. BRIKS a’zolari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ayniqsa kuchaygan bir paytda, buning o‘zi ham sezilarli natija hisoblanadi.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA