Puli borning qo‘li ham, tili ham uzun
Bir necha yildan buyon shu tizimda ishlayotgan, tajribali hokimlarning gapiga quloq tutsangiz moliyaviy masalalarda hozir ancha erkin bo‘lganliklarini aytishadi. Ilgari mahalliy byudjetdan ham o‘z ixtiyori bilan mablag‘ ishlatolmagan hokim hozir byudjetning orttirilgan qismidan xalq deputatlari Kengashi qarori asosida hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa masalalarni hal etishda erkin foydalanishi mumkin.
– O‘tgan yilda viloyatimiz bo‘yicha mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari asosida shakllangan miqdori 200 milliard 559 million so‘mni tashkil etdi, – deydi Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi mahalliy byudjetni shaklantirish va daromadlarni prognozlashtirish bo‘limi boshlig‘i Anorboy Abdanov.
– Xususan, viloyat byudjetida bu mablag‘ 93,5 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, tuman, shaharlarda 18,6 milliard so‘mgacha bo‘ldi. Bu mablag‘ning salmoqli qismi – 81,1 milliard so‘mi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirildi. Xususan, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish uchun 22,5 milliard so‘m, umumta’lim maktablari uchun 9 milliard so‘m, maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun qariyb 5 milliard so‘m, madaniyat muassasalari uchun 5,1 milliard so‘m, ichki yo‘llarni ta’mirlashga 3,4 milliard, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 1,5 milliard so‘m ajratildi. Bu mablag‘larning salmoqli qismi viloyat byudjetining orttirib bajarilgan qismi hisobidan qoplandi. Shu bilan birga tuman, shaharlar ham ijtimoiy soha uchun katta mablag‘ ajratdi. Masalan, Qo‘shrabot tumanida jami shaklangan mablag‘ 7,5 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning 2,3 milliard so‘mi hududda maktabgacha ta’lim muassasalari qurish va ta’mirlash, ularni jihozlashga yo‘naltirildi. 6,8 milliard pul topgan Payariq tumani esa 1,1 milliard so‘mni yo‘llarni ta’mirlashga, 1 milliard so‘mni umumta’lim maktablariga sarfladi. Kattaqo‘rg‘on tumanida ham byudjetning orttirib bajarilgan qismidan salmoqli mablag‘ (2,1 milliard so‘m) umumta’lim maktablariga, 860 million so‘m maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yo‘naltirildi.
Joriy yilning 2 aprel kuni o‘tkazilgan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida ham tegishli boshqarma va idoralarning murojaatiga asosan, viloyat byudjetining 2021 yil 1 yanvar holatida shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan jami 3 milliard 872 million so‘mni turli maqsadlar uchun yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Jumladan, Ishtixon tumanida «Elektron poliklinika» axborot tizimini joriy etish uchun 1 milliard 440 million so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahrida shunday maqsad uchun 592 million so‘m, viloyat kardiologiya dispanseriga zamonaviy tibbiy jihozlar xarid qilish uchun 1 milliard so‘m, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish uchun 235 million so‘m, Qo‘shrabot tumanida ichki ishlar organlari tayanch punktlarini jihozlash uchun 157 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.
G‘.HASANOV, O‘zA