Psixologik treningda maktab direktorlari qatnashdi
Psixologiya inson ruhiyati bilan bog‘liq murakkab soha. Tadqiqotlar insonning ruhiy holati nafaqat uning yashash tarzi, balki sog‘ligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishini isbotlagan.
Ya’ni bizning ruhiy holatimiz kasbimiz, oilaviy munosabatlarimiz, hatto moddiy daromadimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazar ekan. Tushkunlik, qo‘rquv, depressiya, o‘tmishdagi xatolarni unuta olmaslik, g‘azab baxtli yashashimizga xalaqit beradigan holatlar sanalsa, pozitivlik, kechira olish, unutish, quvnoq kayfiyat ishimizda hamda hayotimizda yutuqlarga olib keladi.
Psixologlar assotsiatsiyasi Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan aholi orasida turli psixologik treninglarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad ana shu oddiy, biroq hayot uchun muhim holatlarni insonlarga tushuntirishdan iborat.
– Assotsiatsiyamiz tomonidan ko‘plab tadbirlarni o‘tkazib kelyapmiz, – deydi Psixologlar assotsiatsiyasi Buxoro viloyati bo‘limi a’zosi Svetlana O‘rinova. – Bugun biz birinchi marotaba shahardagi umumta’lim maktablari direktorlari uchun psixologik seminar trening o‘tkazdik. Bu tadbir orqali mutaxassislarimiz rahbarlarga oddiy dam olish, kayfiyatni ko‘tarish kabi holatlarni o‘rgatishga harakat qildi. Hayotdan zavqlanib yashashga o‘rgatdi. Mutaxassislarimiz yuqori malakaga ega, nazariyachi va amaliyotchilar hisoblanadi.
Assotsiatsiya tomonidan bu gal psixologik treninglar maktab direktorlari uchun tashkil etildi. Sababi maktab rahbarlari o‘quvchi yoshlar va ularning ota-onalari bilan ishlaydi. Har kuni turli vaziyatlarga tushadigan rahbar o‘zini boshqara olishi, ruhiy xotirjam bo‘lishi o‘ta muhim.
– Seminar-trening juda ham chiroyli joyda va noan’anaviy usulda o‘tkazilyapti, – deydi Murodillo Hamroyev. – Psixologiya haqiqatdan ham insonni har qanday holatdan olib chiqadi. Ayniqsa, bu trening biz rahbarlarga juda ham katta yordam beradi. Maktab direktori har qanday vaziyatda ota-onalar, o‘quvchilar bilan uchrashadi. Ular bilan qilinadigan muomala, vaziyatlardan chiqish uchun qanday usullardan foydalanish kerakligi bugungi seminarda o‘zining aksini topdi. Bu juda ham foydali bo‘ldi.
Treninglarga viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan eng tajribali ruhshunoslar taklif qilindi. Ular guruhlarda turli mavzularda trening mashg‘ulotlarini olib bordi. Eng muhimi, barcha guruhlarda ishtirokchilar ruhiy salomatlikning hayot tarziga ta’siri haqida kerakli tushunchalarni oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari