Propan savdosida noqonuniy harakatlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi propan import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan 2025-yilning noyabr-dekabr oylari va joriy yilning yanvar oyida propanning birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish va hajmlarni sun’iy ravishda birja savdolariga chiqarmaslik natijasida propan narxlarini oshirib yuborilishi holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan edi.
Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida propan narxi 21 foizgacha arzonlashtirilishiga erishildi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari hamda ishni ko‘rib chiqish jarayonida o‘tkazilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan o‘tkazilgan muhokamalardan kelib chiqib 31 ta sub’ekt tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani e’tirof etildi.
Shundan, 12 ta sub’ekt tomonidan birja savdolarida raqobatga zid bo‘lgan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirganlik holatlari, qolgan holatlarda birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish, mahsulotni qonunchilikka zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotganlik harakatlari sodir etganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan 31 ta sub’ekt tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi e’tirof etilib, qonunbuzilishi davridagi tovar aylanmasiga nisbatan (28,9 mlrd. so‘m) miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash hamda asossiz olingan (34.1 mlrd. so‘m) pul mablag‘larini respublika byudjetiga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida majburiy ko‘rsatmalar berildi. Qarordan norozi tomonlar belgilangan tartibda apellyatsiya yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Nigora Rahmonova,
O‘zA