“Profilaktika maktablari” tashkil etiladi
Joriy yil yakuniga qadar tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, shu jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari va ularning asoratlari profilaktikasi, o‘z kasalligini doimiy nazorat qilib borish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan “Profilaktika maktablari” tashkil etiladi.
Ya’ni “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” xonalari tashkil etilib, bemorlar 35 turdagi tarqatma materiallar bilan ta’minlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
2023 yil 1 yanvarga qadar esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining protokoliga asoslangan yurak-qon tomir kasalliklari xavf-stratifikatsiyasini baholash uchun mobil ilova yaratilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Natijada tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida faoliyat yurituvchi oilaviy shifokorlar ishi soddalashtirishga va samaradorligini oshirishga erishiladi.
Shuningdek, asoslangan hisob-kitoblar hamda ehtiyojga ko‘ra, tuman (shahar) shifoxonalarini 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan jihozlash hisobiga ko‘rsatiladigan xizmat turlari 15 taga yetkazilishi ta’minlanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallarida kardiologiya yo‘nalishida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari turi bosqichma-bosqich 15dan 35 turgacha oshiriladi.
O‘zA