Professor Karsten Drebenshtedt O‘zbekiston tog‘-kon sanoati salohiyati bilan tanishdi
Tog‘-kon va geologiya sohalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy salohiyatni oshirish va malakali mutaxassislar tayyorlashda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bu jarayonda ilmiy-tadqiqotlarni ta’lim va ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Ana shunday hamkorlik doirasida Germaniyaning Frayberg davlat texnika universiteti (TUBAF) professori Karsten Drebenshtedt Saksoniya oliygohlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga tashrif buyurdi.

Tashrifda professorga TUBAFda uning ilmiy rahbarligi ostida tahsil olayotgan uch nafar o‘zbekistonlik PhD doktoranti hamrohlik qildi. Professorning bir vaqtning o‘zida mamlakatimizdan bo‘lgan uch nafar doktorantga rahbarlik qilayotgani Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida e’tiborga loyiq.
Safar davomida professor va doktorantlar Geologiya fanlari universiteti hamda Toshkent davlat texnika universitetida bo‘lib, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar bilan uchrashdi. Muloqotlarda tog‘-kon va geologiya sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng delegatsiya Olmaliq shahriga yo‘l olib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) hamda Olmaliq davlat texnika instituti vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Safar chog‘ida professor O‘zbekiston tog‘-kon sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan ishlar va mutaxassislar tayyorlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Vakolatxonaning xabar berishicha, professor Karsten Drebenshtedtning yurtimizga tashrifi Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalarni mustahkamlash, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tog‘-kon va geologiya sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA