Probatsiya nazorati samaradorligi mustahkamlanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda probatsiya nazoratida bo‘lgan shaxslarda qonunga rioya qilish madaniyati, ijtimoiy axloqqa hurmat ruhini shakllantirish yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni qay tartibda bajarishi ustidan nazorat qilish mexanizmlari aniq belgilanmagani amalda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa ushbu sohadagi munosabatlarni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solishni talab etmoqda.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslari hamda “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan probatsiya nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy tartiblari belgilab qo‘yilmoqda.
Xususan, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan shaxslarga nisbatan shartli ozod qilishni bekor qilish va ularni jazoni o‘tash uchun yuborish yoki qo‘shimcha majburiyatlar yuklash tartiblari belgilanmoqda. Shu bilan birga, o‘z zimmasidagi majburiyatlarni mas’uliyat bilan bajarib kelayotgan shaxslarga nisbatan ushbu majburiyatlarni qisman yoki to‘liq bekor qilish bo‘yicha sudga taqdimnoma kiritish imkoniyati ham nazarda tutilmoqda.
Loyihadagi normalar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan shaxslar xulq-atvorini samarali nazorat qilishga, sud tomonidan belgilangan talablarni bajarmagan shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rishga, huquqbuzarlik va qayta jinoyat sodir etilishi holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA