Prezidentlikka nomzod Ogahiy yurtida
Bahrom Abduhalimov Xiva shahridagi Ogahiy nomidagi ijod maktabi faoliyati bilan ham tanishdi.
O‘zbek mumtoz adabiyoti, milliy madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ shoir, tarixnavis, tarjimon, davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida tug‘ilgan. U Xiva madrasalarida tahsil olgan. Arab, fors, turk tillarini puxta egallagan. Xorazmning mashhur shoir va olimlari, adabiyot muxlislarining suhbatlarida ishtirok etgan. Sharq klassik asarlari, ayniqsa, Navoiy ijodini qunt bilan o‘rgangan.
Mamlakatimizda ko‘chalar, maktablar, istirohat bog‘i va boshqa muassasalarga Ogahiy nomi berilgan. Qiyot qishlog‘ida Ogahiy bog‘i tashkil etilib, shoirning uy-muzeyi ochilgan. “Muhammad Rizo Erniyazbek o‘g‘li Ogahiy” nomidagi ta’lim muassasasi 2 qavatli 220 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan o‘quv binosi zamonaviy hamda milliy arxitektura yechimlari asosida qurilgan. O‘quv binosida yoshlarning puxta ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ogahiy ijod maktabi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan.

Nomzod bu yerda faoliyat olib borayotgan ustoz, murabbiylar, yosh ijodkorlar bilan uchrashdi. Ijod maktabi jamoasini 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan qutladi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA