Prezidentimiz Quvasoydagi keramogranit plita ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvasoy shahridagi “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Yurtimizda mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda respublikada 47 ta keramik plita ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili ular tomonidan 47,2 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, ichki talab 128,6 foizga qoplandi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-dekabrdagi Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq, 2025-yilda Quvasoy shahrida “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatlariga ega.

Korxonada mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etmoqda. Uning asosiy qismi Quvasoydagi konlardan, shuningdek, Toshkent viloyatining Angren hududidan keltiriladi. Ishlab chiqarish jarayonida bir kunda 600 tonna saralangan tosh, 100 tonna qizil kaolin va 100 tonna kulrang kaolin ishlatiladi.

Bu yerda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bozorlarida kam uchraydigan yirik formatdagi eksportbop keramogranit plitalar ishlab chiqarilib, 6 xil o‘lchamdagi mahsulot tayyorlanadi.
Zavodda oddiy soy toshidan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot yaratilmoqda. Dala shpati ishlab chiqarish, kaolin tarkibidagi ko‘mirni tozalash jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu yuqori sifatli keramogranit ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Jarayonlar to‘liq raqamlashtirilib, energotejamkor uskunalardan foydalanilmoqda. Ekologik talablarga ham alohida e’tibor qaratilgan: zamonaviy chang yutish moslamalari va filtrlar o‘rnatilgan. Yomg‘ir suvlari yig‘ib olinib, ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ishlatilgan suvni tozalash va ishlab chiqarishga qayta yo‘naltirishning yopiq zanjiri yaratilgan.
Zamonaviy texnologiyalar hisobiga xomashyo tayyorlashda elektr energiyasi sarfi 20 foizgacha kamaytirilgan. Kunduzgi ish jarayonida tabiiy yorug‘likdan foydalaniladi.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan keramik plitalar sifat va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Joriy yil yanvar-mart oylarida korxona Qirg‘iziston va Tojikistonga 400 ming dollarlik 80 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berdi. Eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa davlatlari bilan shartnomalar imzolash choralari ko‘rilmoqda.

Korxonada hozirda import qilinadigan glazur mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Qiymati 20 million dollar bo‘lgan, yiliga 50 ming tonna glazur ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyiha 2026-yil sentabrda ishga tushiriladi. Uning natijasida yana 100 ta ish o‘rni yaratilishi, qo‘shimcha 10 million dollarlik eksport amalga oshirilishi, sirlash mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning 85 foizini korxonaning o‘z kuchi bilan qoplash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari korxonada mahsulot ishlab chiqarish va saqlash jarayonlari, joriy etilgan texnologiyalar hamda eksport rejalari bilan tanishdi. Bunday qo‘shma korxonalar mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish orqali hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.