Prezidentimiz Olmazor tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi ish uslubi natijalarini ham tahlil qildi
Yil boshidan tumanga Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-o‘qituvchilari biriktirilgan. Ular 23 nafar tergovchi bilan ishlab, hududda ko‘p uchraydigan jinoyatlarning oldini olish va tergov samaradorligini oshirish bo‘yicha zamonaviy metodikalarni joriy etmoqda.
Akademiyaning 20 nafar talabasi esa dual ta’lim asosida tajribali tergovchilar va profilaktika inspektorlariga biriktirilgan. Bu ularning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish bilan birga mahallalarda profilaktika ishlariga ham ko‘mak bermoqda.
Natijada tumandagi 64 ta mahallaning 13 tasida jinoyat sodir etilmagan, kriminogen vaziyati og‘ir toifadagi mahallalar esa qolmagan. Ayollar ishtirokidagi jinoyatlar 22 tadan 10 taga kamaygan, muqaddam jazo o‘tagan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari kuzatilmagan.
Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik va tan jarohati bilan bog‘liq holatlar hali ham alohida e’tibor talab qilishi qayd etildi.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish bo‘yicha samarali profilaktika mexanizmlarini ishlab chiqib, Olmazor tajribasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
O‘zA