Prezidentimiz “Neftchi” bolalar futbol akademiyasiga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol markazi va “Neftchi” bolalar futbol akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Farg‘ona viloyati o‘zining boy futbol an’analari va iste’dodli charm to‘p ustalari bilan mashhur.

Jumladan, 1962-yilda tashkil etilgan “Neftchi” futbol klubi O‘zbekiston Superligasining 6 karra chempioni, mamlakat kubogining 2 karra va superkubokning 1 karra sohibi hisoblanadi. Shuningdek, klub 1994-yilda MDH kubogi finalchisi bo‘lgan, 1994-1995-yillarda esa Osiyo chempionlar ligasida bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Bugun ham hududda iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish va tayyorlash, malakali murabbiylar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, professional futbol klublari akademiyalarini rivojlantirishga qaratilgan choralar natijasida 2025-yilda “Neftchi” bolalar futbol akademiyasi tashkil etildi.

4,5 gektardan ortiq maydonni egallagan akademiya 150 nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 6 ta katta va kichik futbol maydoni, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya bo‘limi faoliyat yuritadi.

Akademiyada 1,1 million dollarlik sun’iy qoplamali, havo gumbaz bilan yopilgan yopiq futbol maneji barpo etilgan.

Viloyatda futbol muhitini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida UEFA instruktorlari va boshqa xalqaro mutaxassislar jalb qilingan.



Prezidentimiz akademiyada futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yoshlar bilan muloqot qilib, ularning mashg‘ulotlarini kuzatdi.