Prezident tashabbusi amalda: yangi tizim o‘z samarasini bermoqda
Samarqand viloyatidagi mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatini himoya qilish maqsadida “Ayollar daftari”ning to‘rtinchi bosqichini shakllantirish ishlari boshlandi.
Yurtimizda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamini manzilli himoya qilish maqsadida yaratilgan tizim – “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari”ning yo‘lga qo‘yilishi o‘zini oqladi. Istaysizmi-yo‘qmi, har bir mahallada kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan xonadonlar bor. Kambag‘al aholi toifasi haqida ham bugun yashirmasdan gapirish mumkin.

To‘g‘ri, shu paytgacha ham mahalla fuqarolar yig‘inlari, tegishli tashkilotlar orqali aholining bu qatlamlariga davlat tomonidan ko‘mak, aniqrog‘i nafaqa berilar edi. Hududdagi saxovatpesha kishilar ham imkon qadar ularga yordam ko‘rsatardi. Ammo bu yordamlar o‘sha oilalarning bir yoki besh kuniga yaragan, keyin yana eski holat davom etaverardi. Endilikda “xonadonbay” o‘rganish, rahbarlarning mahallaga tushib ishlashi natijasida ko‘makka muhtoj oilaga bir yoki ikki marta yordam berish muammoga yechim bo‘lmasligi, ularni bu vaziyatdan chiqarish uchun hech bo‘lmaganda bir yil-olti oy rag‘bat, e’tibor zarurligi tan olindi. Shu asosida chora-tadbirlar belgilandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “daftar”lar aynan shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

– “Ayollar daftari” mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish hamda shu orqali opa-singillarimizning oilada, jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishiga, e’zozlanishiga yordam bermoqda, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – Yaxshi bilasiz, bu daftarlarni shakllantirish, xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. “Ayollar daftari” ni birinchi, ikkinchi va uchinchi bosqichlarida xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirdik. Birinchi va ikkinchi bosqich doirasida viloyatda 81 mingdan ortiq xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘tgan yil uchinchi bosqichda ijtimoiy sharoiti og‘ir, yordamga muhtoj 65 ming 920 nafar xotin-qizlardan 65 ming 854 nafariga amaliy yordam berildi.

Jumladan, 28570 nafar ishsizlarning bandligi ta’minlandi. Bu maqsad uchun 10,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Kredit olib, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 2680 nafar bekalarga 32,8 milliard so‘m kredit ajratildi. Boquvchisi bo‘lmagan, ehtiyojmand 15777 nafar xotin-qizlarning 15760 nafariga 18,1 milliard so‘mlik amaliy yordam ko‘rsatildi.
Daftarlarda I va II guruh nogironligi bo‘lgan 11622 nafar xotin-qiz qayd etilib, shu paytgacha ularning 11618 nafariga 12,3 milliard so‘mlik yordam berildi. 657 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga ham belgilangan tartibda 23,5 milliard so‘m ajratildi. Uchinchi bosqichda qaramog‘ida nogiron farzandi mavjud 6570 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatga olingan edi. Ular 7,1 milliard so‘mlik amaliy yordamdan bahramand bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini oshirish, bu jarayonda faol ishtirok etganlarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tanlov o‘tkazish ham yaxshi an’anaga aylandi. Mazkur ko‘rik tanlovning viloyat bosqichida “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi ish beruvchi ayol” nomnatsiyalari g‘oliblari 30 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Tanlovning respublika bosqichida “Eng yaxshi mahalla raisi” nominatsiyasida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Qo‘shrabot tumani O‘rta soy mahallasi raisi Tursunmurod Nurmatov “Spark” avtomobili bilan mukofotlandi.
– “Ayollar daftari” tizimining to‘rtinchi bosqichini tashkil etish bo‘yicha viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar, mahalliy hokimliklar bilan zarur chora-tadbirlar
belgilab olindi, – deya so‘zida davom etadi S.Rafiqov. – Viloyatdagi 1126 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har birida ishchi guruhlar xatlov jarayonlarini olib bormoqda. Ular ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman va shahar shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha uyma-uy yurish orqali 60 mingga yaqin ayollarning muammolari, ehtiyojlari anketa-so‘rovnomalari asosida xatlovdan o‘tkazildi.
Bu yil ham olti yo‘nalishda xotin-qizlar daftarga kiritiladi. Ya’ni, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishsizlar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lganlar, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmandlar, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan ayollar, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan hamda qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatga olinmoqda.
“Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarga amaliy yordam berish ishlarini monitoring qilib borish maqsadida “Individual anketalari”ni yuritish tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Bu anketalarda har bir xotin-qiz haqidagi ma’lumotlar, unga kim, qachon va qanday yordam berishi yoziladi. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, bu gal viloyatdagi 818 mingga yaqin 30 yoshdan yuqori xotin-qizlar bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazilib, anketa-so‘rovnomalar to‘ldiriladi va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan taxminan 108 mingga yaqin opa-singillarimiz “Ayollar daftariga” kiritilishi kutilmoqda.
G‘.Hasanov,
O‘zA