Prezident tabrigi – yosh qalblar tirgagi
Mamlakatimiz istiqboli – yosh avlodning qanday ta’lim-tarbiya olganligi va qanday ma’naviy fazilatlar egasi bo‘lib voyaga yetganligi bilan o‘lchanadi.
Ma’lumki, insonning o‘zligi, o‘z mohiyatiga yetishi borliqqa – olamga, hayotga ona-tabiatga, insonlarga bo‘lgan mehr-muhabbatida namoyon bo‘ladi. Ma’naviy yetuk inson esa faqat va faqat maktabda shakllanadi, aqlan va jismonan rivojlanadi. Zero, maktab o‘z mohiyatini teran anglab yetishga qodir va o‘z Vatani, uning taraqqiyoti, millat farovonligi uchun mas’ul insonni tarbiyalaydi, hayotga uchirma qiladi.
Yurtboshimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigi nafaqat bitiruvchi yoshlar, balki katta-kichik barcha eldoshlarimizga manzur bo‘ldi. Yoshlarning qalbida ertangi tinch, farovon hayot va baxtli kelajakka bo‘lgan ishonch, umid uchqunlarini olovlantirdi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bora yo‘llangan bunday mazmundagi tabrik biz ustozlarni ham to‘lqinlantirdi. Kasbimiz, ishimizga bo‘lgan ishqimiz, zavqimiz yanada olovlandi. Zero, Jaloliddin Rumiy: «Zargarning o‘z hunariga ishqi, moddaning haqiqiy sifatlarini anglashga, binobarin unga ishlov berishning usul va vositalarini egallab olishga yetaklaydi. Bu jarayon zargar uchun o‘z-o‘zini anglash jarayoni hamdir», deb yozgan.
Inson qaysi kasb egasi bo‘lmasin, o‘z ishiga mehr-muhabbat bilan yondoshsa, shu sohada kamol topadi. Ayniqsa, o‘qituvchi kimni o‘stirsa, tarbiyalasa, o‘zi ham o‘sib-ulg‘ayadi, donishmandlik kasb etadi. Davlatimiz, millatimizning kelajagi bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashdek buyuk va ulug‘ vazifa topshirilgan ustozlar jamiyatdagi eng aziz, eng e’zozli insonlardir.
Qisqa muddatda ta’lim tizimida muhim o‘zgarishlar amalga oshirilganligini mamnuniyat bilan qayd etish joiz. «Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi» shiori ostida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanganligi, oxirgi to‘rt yil ichida 134 ta maktab yangidan qurilib, 2965 ta maktabning rekonstruksiya qilinib, tubdan ta’mirlanib zamonaviy jihozlanganligining o‘ziyoq fikrimizga yaqqol dalil bo‘ladi.
Mamlakatimizda mutlaqo yangi shakl va mazmundagi zamonaviy Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning barpo etilishi qalbimizdagi umidlar hosilasidir. Ochig‘ini aytsam, bugungi yangilanayotgan ta’lim tizimining ochilishi nafaqat mening 44 yillik pedagogik faoliyatim, balki butun mamlakatimiz pedagoglari uchun mutlaqo yangi sahifa, yangi bir davrni boshlab berdi.
Bu esa ozod va obod O‘zbekistonning qadri baland, martabasi ulug‘ ustoz-muallimlar, ilm olaman, o‘qiyman, degan yoshlarning davri bo‘ldi. Har gal sinfxonaga kirsam Prezidentimizning «Maktab bu – hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi», degan so‘zlari quloqlarim ostida jaranglaganday bo‘ladi. Har bir o‘quvchimga qarab, ularning qiyofasida yurtboshimiz orzu qilgan, tinchligimizning sadoqatli soqchilari, ertangi kunimizning mohir egalari, jonajon O‘zbekistonimizning dovrug‘ini olamga yoyadigan qahramonlarni ko‘rganday bo‘laman.
Bu qanotni, bu parvozni yoshlarimiz Ogahiy nomidagi muhtasham ijod maktabidan oladi, albatta. Zero, Ogahiy hazratlari ilmning xosiyati va insonning hayotidagi o‘rni haqida shunday yozgan edi :
Ilm andoq ganji nofedur bani odamg‘akim,
Kimda u bo‘lsa ikki olam obod ango.
Mana qisqa vaqt ichida maktabimizning ijodkor o‘quvchilari ustozlari yordamida qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, maktabning 7-sinf o‘quvchisi Javohir Karimov 10-14 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 9-sinf o‘quvchisi Gulmira Ravshanbekova, 6-sinf o‘quvchilari Sarvara Karimova va Gulira’no Otabekovaning ilk kitoblari dunyo yuzini ko‘rdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan nashri yo‘lga qo‘yilgan «Ijod bog‘idan guldasta» she’riy to‘plamiga 13 nafar ijodkor o‘quvchining she’rlari kiritildi.
Xorazm farzandlariga bo‘lgan mehr-muhabbat, ularning qonida, jonida muqim yashab kelayotgan iqtidoru iste’dodga bo‘lgan yuksak ishonch timsoli sifatida yangidan qad rostlagan Ogahiy ijod maktabi yana ikki yildan so‘ng ilk qaldirg‘ochlarini mustaqil hayotga uchirma qiladi. Ishonamizki, bitiruvchi o‘quvchilarimiz yurtboshimizning orzularini ro‘yobga chiqarib, yangi O‘zbekistonga munosib farzand bo‘ladi.
Madina Matyaqubova, filologiya fanlari nomzodi, Ogahiy ijod maktabining oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.
O‘zA