Prezident stipendiyasi kimlarga beriladi?
Mohlaroyim kelajakda tarjimon bo‘lmoqchi. Bu boradagi tinimsiz o‘qib-izlanishi natijasida orzusi ushaladigan bo‘ldi. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.
Afsuski, otasi og‘ir dard bilan olamdan o‘tib ketgach, yolg‘iz onasi o‘qituvchilikdan topgan maoshiga ro‘zg‘or tebratadi. Mohlaroyimning ikki nafar voyaga yetmagan ukalari bor. Ushbu holatda uning shartnoma asosida o‘qishi...
Davlatimiz rahbarining talaba yoshlarni o‘z ustida muntazam ishlash va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishga undash, ularning iste’dodlarini namoyon etish va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, bilimli va iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yil 9 sentyabrda qabul qilingan “Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni Mohlaroyim kabi yoshlarning qalbiga o‘zgacha umid bag‘ishladi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Prezidenti davlat stipendiyasi kvotasi:
– tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar uchun 10 ta;
– magistratura bosqichi talabalari uchun 22 ta;
– bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir OTMga 1 tadan etib belgilandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi OTMLarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari joriy etildi.
Endilikda Prezident va boshqa davlat stipendiyalari davlat OTMlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy OTMlarning filiallari va nodavlat oliygohlarning bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham tatbiq etiladi.
Tizimida oliy ta’lim muassasasi mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va boshqa davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy ta’lim muassasalari tomonidan shaffof, adolatli va yuqori saviyada o‘tkazilishi ta’minlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA