Prezident shaxmatchilarimizni ikki karra Olimpiada chempionligi bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba bilan yana bir bor tabrikladi.
– Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun O‘zbekiston xalqiga muborak bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz.
Samarqanddagi Olimpiada oddiy sport musobaqasi bo‘lmagani ta’kidlandi. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam bo‘ldi.
– Shunday ulkan raqobat ichida O‘zbekiston bayrog‘ini eng balandga ko‘tarish bu haqiqiy jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir, – dedi davlatimiz rahbari.
G‘alabaga o‘z yurtimizda, xalqimiz ko‘z o‘ngida erishilgani unga alohida ma’no bag‘ishladi. Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon keldi. Hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz o‘yinlarni kuzatdi.