Prezident saylovi yuqori saviyada o‘tadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi.
Tadbirda okrug komissiyasi raisi Nazira Tog‘ayeva joriy yilning 9 iyul kuniga belgilangan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini demokratik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda yuksak saviyada o‘tkazish uchun 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, saylov jarayoniga start berilgan kundan buyon o‘tgan qariyb bir yarim oy davomida saylovni yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazishning barcha choralari ko‘rilib, har bir fuqaro o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishini ta’minlash uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Okrug saylov komissiyasi hududidagi 413 uchastka saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va amaldagi saylov qonunchiligi asosida barcha zarur ashyo va anjomlar bilan jihozlanib, komissiya a’zolarining bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
[gallery-12615]
Saylov byulletenlari saylov uchastkalariga o‘z vaqtida yetkazildi. 5 iyul kuni yakuniga yetgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida 13509 nafar fuqaro ishtirok etib, o‘z konstitutsiyaviy burchini bajardi.
– Saylovda ishtirok etayotgan har bir siyosiy partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlari uchun teng sharoitlar yaratilib, ularning saylovoldi uchrashuvlari yuqori saviyada, tenglik tamoyillariga amal qilingan holda o‘tkazilishi ta’minlanmoqda, – dedi N.Tog‘ayeva. – Shu kunga qadar saylovoldi tashviqotlari bilan bog‘liq birorta ham shikoyat yoki murojaat kelib tushmadi. Okrugimiz hududidagi har bir tuman va shahardagi ikkitadan saylov uchastkasida kuzatuv kameralari o‘rnatilib, saylovchilarning ovoz berish jarayonlari Markaziy saylov komissiyasiga onlayn uzatiladi.
Viloyatda 14 OAVning 40 nafardan ortiq vakili Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilib, brifing so‘nggida ularga tegishli tartibdagi guvohnomalar topshirildi
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA