Prezident qarorlari ijrosi – adliya nazoratida
Yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, eng dolzarb, har doim e’tibordagi masalaga aylangan. Inson kapitalini rivojlantirish esa bir kunlik ish emas. Mazkur jarayon kompleks yondashuv va uzoq muddatli chora-tadbirlarni talab qiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy aholi sonining 55 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Ayni paytda ularning ta’lim olishi va faoliyat olib borishi uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. Ayniqsa, kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yoshlarning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda adliya organlari tomonidan qaror ijrosi tegishli tartibda monitoring qilinib, zarur hollarda joyiga chiqib o‘rganilmoqda

– Qarorga muvofiq respublika bo‘yicha tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga berilishi belgilangan, – deydi Navoiy viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dildora Kattayeva. – Bunda “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar asosiy nomzod hisoblanadi. Viloyatimizda elektron onlayn auksion savdolari orqali yoshlarga ijaraga beriladigan 2 ming gektar yer maydonlari ro‘yxati tasdiqlangan.
Birgina Nurota tumanida bunday yer maydonlari 17 gektarni tashkil etadi. Mirishkorlik bobolaridan meros bo‘lib kelayotgan nurotalik yoshlar uchun bu qaror ayni muddao.
– Ishsiz edim, sayyor qabullarning birida adliya organiga murojaat qilgandim. Ular vakolatli idoralar hamkorligida menga auksion orqali yer olishga ko‘maklashishdi. Bolaligimdan yerga mehr berib, katta bo‘lganman. Dehqonchilikdan xabarim bor. Eng asosiysi, auksion orqali uyimga yaqin joydan yer ajratildi. Yerga kartoshka ekkan edim. Mo‘l hosil olib, ko‘zlangan foydani oldim. Hozir o‘sha yerga takroriy ekin sifatida sabzavot mahsulotlari, ya’ni qovoq, sabzi, lavlagi, qovun, tarvuz yetishtirayapman. Bir qismiga makkajo‘xori va beda ekkanman. Chunki subsidiya asosida qoramol ham sotib oldim. Endi oilamizda sut va qatiq mahsulotlariyam bor. Yonimda ikki ukam ham ko‘makchi, ular ham ish bilan band, – deydi Sanjar To‘xtayev
Albatta yoshlar uchun ajratilgan yerlardan samarali va oqilona foydalanish holatlari tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda monitoring qilib borilmoqda.
– Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida alohida nazoratga olingan ishsiz yoshlarga auksion orqali ajratilgan yerlar hosildor bo‘z, sug‘oriladigan unumdor yerlardan ajratilmoqda, – deydi Navoiy viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Madraxim Umrzoqov. – Nurota tumanida yer asosan tik quduqlar orqali sug‘oriladi. Tumanda 23 nafar yoshga “Bir massiv - bir mahsulot” tamoyili asosida 17 gektar yer ajratilgan. Barcha yoshlar yerdan foydalangan holda mahsulot yetishtirishmoqda. Ularga bilmaganlarini o‘rgatish va hosilni parvarishlashga ko‘maklashish maqsadida agronomlar biriktirilgan.
Albatta, yoshlar bandligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri. Bu borada adliya organlari ham yoshlarga ko‘makdosh bo‘lishmoqda. Prezident qaroriga asosan, adliya organlari xodimlari tomonidan uyma-uy kirilgan holda huquqiy masalalar o‘rganilib, birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilmoqda. Bandlikni ta’minlashda amaliy ko‘maklashilayapti.
– Hududda Prezident qarori ijrosi o‘rganilganda 17 nafar yosh o‘zlariga ajratilgan yerlardan daromad olayotgani va faoliyatidan mamnunligi aniqlangan, – deydi Nurota tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Feruz Rahimov. – Adliya bo‘limimiz tomonidan 5 ta mahalladan 1185 nafar yosh otaliqqa olingan. O‘rganishlar davomida ulardan 43 nafarining ishsizligi aniqlanib, Shu kunga qadar 12 nafarining bandligi ta’minlangan. Hozirda yoshlar ishsizligiga barham berish maqsadida belgilangan chora-tadbirlar bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Har kimning tanlovi har xil. Dilshod Rahmonov bolalikdan avtotransport vositalariga qiziqadi. Turli sabablarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirolmagan yigit bir muddat ishsiz yurdi. Shu orada avtotransport vositalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tajriba to‘plab, avtoyuvish shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. U bir o‘zini band qilmadi, aksincha yoniga ikki nafar yoshni olib hunarli ham qildi.

Nurotani bejizga hunarmandlar makoni deyishmaydi. Nurota kashtalari bugun olamga mashhur. Chunki bu yerda kashtachilik mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yilgan. Nurotada biror xonadon qizi yo‘qki, kashta tikishni bilmasa. Zarifa Ro‘ziyeva Zarafshon shahridan Nurotaga kelin bo‘lib tushgan. U hozir 22 yoshda. Kashtado‘zlar oilasiga kelin bo‘lib tushgan qiz bugun shu hunar ortidan o‘zini o‘zi band qilib, daromad topmoqda. Ustozi esa qaynonasi. Hunarmandlar oilasi bekasi Saodat Fayziyevaning kelinlari, qizlari shu kasb ortidan turli davlatlarda o‘tkaziladigan hunarmandlar ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelishadi.

– Qadimiy an’analarga ko‘ra, o‘zbek qizlari bo‘lajak kelinlik seplariga har xil kashtachilik buyumlarini o‘zlari tayyorlaganlar, – deydi Saodat Fayziyeva. – Qizlarga 7-9 yoshidan boshlab kashta tikish o‘rgatilgan. Ayni paytda tumanimizda “Ustoz-shogird” an’anasi keng yo‘lga qo‘yilgan. Har bir kashtado‘zimizning 10 tadan 100 nafargacha shogirdi bor. Bugungi kunda nurotalik kashtado‘z ustalarning tikkan so‘zana, yostiq kabi mahsulotlari nafaqat yurtimizda, balki qator chet davlatlarda tashkil etilgan nufuzli ko‘rgazmalarda namoyish etilmoqda.

Albatta, bugun yoshlarimiz uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar keng. O‘qiyman, ishlayman, harakat qilaman, deganining har biriga davlatning o‘zi ko‘makdosh. Dunyoga chiqmoqchi bo‘lganlarga eshiklar ochiq, huquqiy asoslar mustahkamlab berilgan. Mavjud imtiyozlardan foydalanib, yuqori marralarni zabt etayotgan yoshlar safi esa tobora kengayib bormoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri