Prezident qarori mazmun-mohiyati keng tushuntirildi
Namanganda respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida Prezidentimizning 2026-yil 20-yanvardagi “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va unda belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
Kardiologiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov mamlakatimiz rahbarining mazkur qarori aholi o‘rtasida infarkt va insultni barvaqt aniqlash, erta o‘lim va nogironlik holatlarini kamaytirish, davolash va reabilitatsiya tizimini takomillashtirishga qaratilganligini ta’kidladi.
Jumladan, 30 yoshdan oshgan aholini yiliga bir marta maqsadli tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar xavf omillarini erta aniqlash, bemorlarning klinik marshrutlarini yo‘lga qo‘yish hamda tumanlararo markazlarda kecha-kunduz faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalarini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, tez tibbiy yordam tizimida ekg-telemetriya, insultni erta aniqlashda “Fast” algoritmi, zarur hollarda trombolizis muolajalarini qo‘llash, bemorga “oltin soat” tamoyili asosida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari takomillashtirilishi nazarda tutilgan.
Qayd etilganidek, qarorda oilaviy shifokorlar, tez tibbiy yordam xodimlari va hududiy tibbiyot muassasalari mutaxassislarini ushbu yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich o‘qitish vazifasi ham belgilangan.

Ayni paytda ushbu milliy dasturni 2026-yil 1-oktabrdan Namangan viloyatida ham amaliyotga joriy etish belgilangan. Shu nuqtai nazardan, o‘tkazilgan seminar-trening tibbiyot xodimlarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, infarkt va insult holatlarida tezkor va to‘g‘ri harakat algoritmlarini o‘zlashtirishga xizmat qildi.

Seminar yakunida, kasalliklarni erta aniqlash va shoshilinch tibbiy yordam sifatini yanada oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.