"Prezident Olimpiadasi" finaliga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi
Sport vazirligida “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining hududiy bosqichlari yakunlari hamda final bosqichiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda musobaqalarning 2-bosqichi yakunlari, erishilgan natijalar hamda ma’lumotlarni ERP platformasiga to‘liq va sifatli kiritish holati tahlil qilindi. Har bir masala yuzasidan yig‘ilishda oflayn va onlayn tarzda ishtirok etgan mas’ullarning hisobotlari tinglandi. Shuningdek, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, “Prezident Olimpiadasi”ning 3-bosqich final musobaqalari uchun jamoalarni shakllantirish, sportchilarni saralash va ularning tayyorgarlik jarayonlarini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov tomonidan musobaqalarning final bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, tashkiliy ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash hamda sportchilarning munosib ishtirokini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriq va tavsiyalar berildi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA