Prezident muloqoti oldidan tadbirkorlar muammolari o‘rganilmoqda
20-avgust - Tadbirkorlar kuni arafasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan an’anaviy muloqoti oldidan vazirlik va idoralar, hokimliklar tomonidan hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, muloqotda ko‘tariladigan masalalar muhokama qilinmoqda.
Samarqandda ham muloqotga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. E’tiborlisi, davlat rahbarining bu yilgi, oltinchi ochiq muloqoti Samarqandda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
- Tadbirkorlar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan tegishli idoralar mas’ullaridan iborat shtab tarkibi tasdiqlangan, - deydi Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shtabi kotibi Fazliddin Rahmatov. - Shtab faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida boshqarmada zarur sharoitlar yaratildi, tadbirkorlar bilan muloqot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, viloyatdagi tadbirkorlik sohasiga tegishli bo‘lgan 37 idora va tashkilot tomonidan 15-maydan 15-avgustgacha har kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish reja-jadvali tuzilgan va ayni paytda bu tadbirlar davom etmoqda.
Xususan, viloyat hokimligi tomonidan shu paytgacha tadbirkorlar bilan 13 ta uchrashuv o‘tkazildi. Bu uchrashuvlarda 249 tadbirkorlik sub’ekti tomonidan bildirilgan muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, ularning 140 tasi ijobiy hal etildi, 43 tasiga rad javobi va 66 tasi yuzasidan tushuntirish berildi. Murojaatlarning 42 tasi soliq, bank-moliya tizimlari, 35 tasi auksion savdolari, yer va bino-inshoot ajratish, 56 tasi kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, arxitektura va kadastr, 24 tasi faoliyatga noqonuniy aralashuv, 22 tasi ruxsatnoma va litsenziya olish masalalari bilan bog‘liq bo‘ldi.
Har bir murojaat tegishliligi bo‘yicha mas’ul idora va boshqarmalar tomonidan o‘rganilib, yechimi bo‘yicha xulosalar berilmoqda.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri