Prezident maktablari Angliyada ham e’tirof etildi
Cambridge Assessment International Edusation tashkilotining rasmiy veb-saytida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari hamda iqtidorli o‘quvchilar haqida maqola chop etildi.
Maqolada Prezident maktablarining O‘zbekistonda ta’lim tizimini o‘zgartirish uchun cheksiz imkoniyatlari qayd etilgan. Unda Samarqand, Buxoro, Guliston va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari haqida so‘z yuritiladi.
Shuningdek, Prezident maktablariga qabul imtihonlari, kun tartibi, o‘quv dasturi va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtida shug‘ullanadigan mashg‘ulotlari haqida fikr bildirilgan.
O‘quvchilardan o‘zi o‘qiyotgan maktabni bir so‘z bilan ta’riflash so‘ralganda «Yorqin kelajak eshiklarini ochuvchi kalit», «Orzuga yo‘l» deya javob berishgan...

Maqolada O‘zbekistonning buyuk tarixi, xususan, Temuriy hukmdor Mirzo Ulug‘bekning Samarqandni fan va ilm markaziga aylantirganligi va oradan qariyb 600 yil o‘tib, hozir O‘zbekistonning taraqqiyoti yo‘lida yana ana shunday ulkan ishlar amalga oshirayotganligi haqida so‘z yuritilgan.
Maqola bilan www.cambridge.org saytida tanishishingiz mumkin.