Prezident e’tiboridagi yo‘lsoz tadbirkor
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoyishi bilan mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan faol va tashabbuskor tadbirkorlarning bir guruhiga minnatdorlik bildirdi.
Minnatdorchilik maktubini olgan, eng ko‘p ish joylarini yaratgan tadbirkorlar safida Namangan shahridagi “Merrymed farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nasimxon Azizov ham borligi quvonarlidir.
Ham farmatsevt, ham yo‘lsoz tadbirkor Nasimxon Azizov boshchiligidagi "Best Stroy 2020" mas’uliyati cheklangan jamiyatining zahmatkash ishchi-xodimlari tunu kun mehnat qilib, obodonchilik va ma’murchilik ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
[gallery-3503]
2021 yilda 300 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ hisobiga viloyat bo‘yicha umumiy uzunligi 1400 kilometr bo‘lgan ichki yo‘llarni ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgacha bu ishlarning 70 foizi bajarildi.
Namangan shahrining o‘zidagi 127 ta 195,8 kilometr ichki yo‘llar asfaltlanishi, tumanlarda 1204,2 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Albatta bu kabi xayrli ishlarda Nasimxon Azizov va uning jamoasidagi fidoyi yo‘lsozlarning munosib mehnatlari borligini alohida e’tirof etish joiz.
Yo‘lsoz korxona texnoparkiga Germaniya, Italiya davlatlaridan 5 million dollar evaziga keltirilgan texnikalar ish sifatida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Mustaqillik bayrami arafasida korxona shahardagi eng gavjum ko‘chalar – "Go‘zal" va Amir Temur prospekt ko‘chalarini to‘liq ta’mirdan chiqardi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoyishida e’tirof etilganidek, farmatsevtika, qadoqlash va qurilish yo‘nalishlaridagi ishlab chiqarish loyihalari orqali 884 ta ish o‘rnini yaratgan fidoyi tadbirkor Nasimxon Azizov tomonidan ayni kunlarda viloyat markazida yirik tibbiy diagonostika markazi, mehmonxona, arzon uy-joylar kabi keng ko‘lamli qurilish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA