Poytaxtlik ijodkorlar Qashqadaryoda
Qarshi temir yo‘l vokzalida mahallalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlarini o‘tkazish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga Toshkent shahridan kelgan taniqli san’atkorlar, yozuvchi shoirlar, deputat va kino ijodkorlar tantanali kutib olindi.
Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni bunyod etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va odamlar hayotiga ijobiy ta’sirini aniq hayotiy misollar bilan aholiga sodda va tushunarli shaklda yetkazish dolzarb masalalardan hisoblanadi.


O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkaziladigan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari va ijodiy kechalar xam xuddi shu maqsadda qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va buning odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlari haqida viloyat bo‘ylab “mahallabay” jonli muloqotlar tashkil etiladi.


Shuningdek, har bir tuman (shahar)ning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda joylarda, ayniqsa, olis va chekka hududlarda milliy madaniyat, san’at va adabiyotimizni ommalashtirishga qaratilgan milliy filmlar namoyish etiladi.
Xususan targ‘ibochilar guruhlarga bo‘lingan holda viloyatning 813 ta mahallasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.