Poytaxtimizda “Made in Afghanistan Expo – Tashkent 2026” ko‘rgazmasi ochildi
Bugun poytaxtimizdagi O‘zekspomarkaz milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Made in Afghanistan Expo – Tashkent 2026” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ilk bor tashkil etilgan mazkur tadbirda ikki o‘lka rasmiylari, vazirlik va idoralar vakillari, biznes doiralari hamda xalqaro tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘inda so‘zga chiqqanlar mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish hamda yangi hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
[gallery-28328]
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanmoqda, – deydi afg‘onistonlik tadbirkor Sobir Nasimzoda O‘zAga bergan intervyusida. – Bugungi ko‘rgazmaga afg‘on gilamlarini olib keldik. Toshkentda ham do‘konimiz bor. Yaqin oylarda Buxoroda ham 500 yangi ish o‘rniga ega korxona ochmoqchimiz.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 1,68 milliard dollarga yetgan. Xususan, eksport hajmi 1,53 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, import 145 million dollardan oshgan. Bu ko‘rsatkichlar o‘zaro savdoning sezilarli o‘sganini ko‘rsatadi. Shuningdek, bugungi kunda yurtimizda afg‘on kapitali ishtirokida 600 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Ko‘rgazma doirasida Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, to‘qimachilik, zargarlik buyumlari, gilamlar hamda milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etilmoqda.
Shu bilan birga, tadbir doirasida o‘zbek va afg‘on tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar, biznes muloqotlar va taqdimotlar o‘tkazilishi, yangi hamkorlik kelishuvlarini imzolash rejalashtirilgan.
Dilshod Hakimov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA