Poytaxtimizda chavandozlar konkur bo‘yicha bahslashdi
Poytaxtimizdagi “Universal Horses Stable” majmuasida “FEI Jumping Challenge Tashkent Uzbekistan 2023" xalqaro turniri yakunlandi.
Mazkur musobaqa ot sportining konkur yo‘nalishida o‘tkazilib, unda chavandozlar uch bosqichda o‘zaro raqobatlashdi. Mazkur bosqichlar ikki turdan iborat bo‘ldi.

Birinchi bosqichning “A” toifasida Akbar Sharipov “Kechmeker” laqabli otida birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, “B” toifada Dilshod Shokirov “Alonso 43" nomli otda, “C” toifada Sofiya Toshmatova “Flayt” nomli otda shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.
Xalqaro turnirning ikkinchi bosqichida Mariya Dushchenko “Lasinos Boy” nomli otda, Dilshod Shokirov “Alonso 43" nomli otda, Sofiya Toshmatova “Flayt” laqabli otda oltin medalga sazovor bo‘ldi.

“FEI Jumping Challenge Tashkent Uzbekistan 2023"ning uchinchi bosqichida “A” toifasidagi bahslarda Mariya Dushchenko “Lasinos Boy” ismli otida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, “B” toifasidagi bellashuvlarda Dilshod Shokirov “Alonso 43" nomli oti bilan uchinchi bor shohsupaning eng yuqorisidan joy egalladi. “C” toifasida esa Ubaydulloh Pozilxo‘jayev “Chempion” laqabli otda barcha raqiblaridan yuqori natija qayd etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA