Poytaxtdagi mahallalar raislari Senatda malaka oshirdi
Senatda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tinglovchilari uchun navbatdagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxtning 12 tumanidan tashrif buyurgan 22 nafar mahalla raisi ishtirok etdi.
Mazkur seminarning asosiy maqsadi – mahalla raislarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati, xususan, Senatning konstitutsiyaviy vakolatlari, qonun ijodkorligi jarayonidagi o‘rni hamda hududlardagi muammolarni hal etishdagi ishtirokini yanada chuqurroq anglashlariga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida tinglovchilarga Senatning tashkiliy tuzilmasi, qo‘mitalar faoliyati, hududlar manfaatlarini ifoda etishdagi o‘rni, parlament nazorati mexanizmlari hamda qonunlarni ishlab chiqish va muhokama qilish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Seminarda mahalla institutini yanada rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tinglovchilar tomonidan mahallalarda uchrayotgan muammolar, aholi murojaatlari bilan ishlash amaliyoti, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish hamda davlat organlari bilan hamkorlikni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, mahalla tizimi va parlament o‘rtasidagi samarali hamkorlik aholi manfaatlarini ta’minlash, joylardagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Abduraimova, O‘zA