Poytaxt jamoat transporti jamoatchilik nigohida: islohotlar e’tirofi, raqamlar va xalqchil takliflar
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan 3 mingga yaqin fuqaro ishtirokida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovda Respondentlarning qariyb 79 foizi Toshkent shahrida jamoat transportidagi yangilanishlarni e’tirof etdi. O‘rganish xulosalari xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Bugun Toshkent Markaziy Osiyoning eng shiddat bilan o‘sayotgan, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan yirik megapolislaridan biriga aylandi. Shahar hududi kengayib, aholi va poytaxt mehmonlarining kundalik faolligi ortgani sari jamoat transporti tizimiga bo‘lgan ehtiyoj ham yangi bosqichga chiqmoqda. Ilgari yo‘nalishlarda transport harakatini oldindan rejalashtirish mushkul bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda zamonaviy elektrobus va avtobuslar, tobora kengayib borayotgan metropoliten tarmoqlari, raqamli to‘lov hamda onlayn kuzatuv tizimlari hamshaharlarimizning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurdi.
Prezidentimiz tomonidan jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten va avtobus yo‘nalishlari yirik shahar hayotining qon tomiri ekaniga alohida e’tibor qaratilib, sohada brutto-shartnoma tizimi, harakat tarkibini tubdan yangilash va alohida yo‘laklar tashkil etish kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xo‘sh, bugun poytaxt yo‘lovchilari ushbu o‘zgarishlarni qanday baholamoqda? Tizim samaradorligini yanada oshirish uchun aholi qanday tashabbuslarni ilgari surmoqda?
Shu maqsadda joriy yilning 15–18-oktabr kunlari Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan Toshkent shahrida jamoat transporti faoliyatini yanada yaxshilash va yo‘lovchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishga bag‘ishlangan keng qamrovli sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. Davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotning amaliy ifodasi bo‘lgan mazkur o‘rganishlar ikkita platformada tashkil etilib, umumiy hisobda 3 ming nafarga yaqin respondentni qamrab oldi.
Faol avlod tanlovi: respondentlarning 98 foizi jamoat transportiga ishonch bildirmoqda
Tadqiqotning demografik va ijtimoiy tahlili muhim bir haqiqatni yuzaga chiqardi: so‘rovnomada jamiyatning eng harakatchan, yangilikka intiluvchan va ijtimoiy faol qatlami — yoshlar, talabalar hamda davlat va xususiy sektor xodimlari yetakchilik qildi (96,7 foiz). Respondentlarning 62,1 foizini 18–29 yoshdagi navqiron avlod, 17,3 foizini 30–50 yoshdagi mehnatga layoqatli aholi, 15,2 foizini 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va 5,3 foizini 50 yoshdan yuqori nuroniy va tajribali fuqarolar tashkil etdi. Poytaxtning barcha 12 ta tumani vakillari o‘z takliflari bilan faol qatnashdi.
E’tiborli jihati shundaki, bugungi kunda Toshkent aholisi uchun jamoat transporti tom ma’noda asosiy harakat vositasiga aylangan. So‘rovda qatnashganlarning 60,5 foizi avtobus va metro xizmatidan har kuni bir necha marotaba, 15,2 foizi esa haftada 3–5 kun muntazam foydalanishini bildirgan.
Yo‘lovchilarning kundalik transport tanlovi tahlil qilinganda quyidagi ijobiy manzara namoyon bo‘ladi:
Metropoliten ustuvorligi: ishtirokchilarning 37,7 foizi eng tezkor va tirbandliklardan xoli transport sifatida aynan metro xizmatini tanlaydi;
Integratsiyalashgan qatnov: respondentlarning 35,3 foizi kundalik yo‘nalishida metro va avtobus uyg‘unligidan (kombinatsiyasidan) samarali foydalanadi;
Avtobuslar oqimi: so‘rov qatnashchilarining 25 foizi poytaxt bo‘ylab harakatlanishda to‘liq zamonaviy avtobuslar xizmatiga tayanadi;
Shaxsiy taksi ulushining pastligi: shaxsiy avtomashina yoki yo‘nalishli taksi xizmatiga murojaat qiluvchilar ulushi atigi 2 foizni tashkil etmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar yo‘lovchilarning 98 foizi aynan jamoat transportini ma’qul ko‘rayotganini ko‘rsatib, tizimga bo‘lgan ijtimoiy ishonch va jozibadorlik sezilarli darajada oshganidan yaqqol dalolat beradi.
Islohotlar samarasi: qulaylik, vaqt tejamkorligi va raqamli yechimlar
So‘nggi ikki yil mobaynida Toshkent shahri jamoat transportida yuz bergan yangilanishlar jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 52,1 foizi tizimda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganini e’tirof etgan.
Ayniqsa, yaratilgan umumiy qulaylik darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar diqqatga sazovor. Respondentlarning jami 78,9 foizi tizimni ijobiy baholab, shundan 59,7 foizi “qulay”, 19,2 foizi esa “juda qulay” deb e’tirof etgan.
Amalga oshirilgan islohotlar yo‘lovchilarning oltinga teng vaqtini tejashda ham o‘z samarasini bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, respondentlarning 47,1 foizi bitta transport vositasi orqali manziliga 1 soatga yetmaydigan vaqt ichida yetib bormoqda. Yana 32,2 foiz ishtirokchi esa ikkita transportdan (avtobus va metro) foydalangan taqdirda ham 1 soat ichida o‘z ish yoki o‘qish joyiga yetib olish imkoniyatiga ega. Demak, yo‘lovchilarning qariyb 80 foizi yirik megapolis sharoitida manziliga bir soat ichida yetib bormoqda.
Sohani raqamlashtirish borasidagi qadamlar ham aholiga katta yengillik yaratdi. Xususan, naqd pulsiz elektron to‘lov tizimi (ATTO va bank kartalari) respondentlarning 79,6 foizi tomonidan benuqson va qulay ishlayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, onlayn monitoring ilovalari orqali avtobuslar harakatini kuzatib borayotgan faol foydalanuvchilarning katta qismi raqamli xizmatlar kundalik rejalashtirishni ancha osonlashtirganini ta’kidlagan.
Tabiiy o‘sish sur’ati va yangi marralar: aholi nimalarni taklif etmoqda?
Albatta, kunlik yo‘lovchilar oqimi millionlab kishini tashkil etadigan, iqtisodiy va demografik jihatdan shiddat bilan o‘sayotgan poytaxtda erishilgan natijalar bilan cheklanib bo‘lmaydi.
Tadqiqot davomida islohotlarni hali to‘liq his qilmagan yoki ayrim yo‘nalishlarda qo‘shimcha qulayliklar yaratilishini kutayotgan qatlamning fikrlari ham batafsil o‘rganildi. Zero, sotsiologik so‘rovning bosh maqsadi ham mavjud masalalarga jamoatchilik ko‘zi bilan qarash va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi muhokamasi uchun aniq, manzilli takliflar taqdim etishdan iborat edi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, transport infratuzilmasiga asosiy yuklama ertalabki tig‘iz vaqtga (soat 07:00 dan 09:30 gacha — 54,5 foiz), kunduzgi faol davrga (09:30–17:00 — 40,8 foiz) hamda kechki tig‘iz soatlarga (17:00–19:30 — 29,8 foiz) to‘g‘ri kelmoqda.
Ana shu omillarni hisobga olgan holda, so‘rovnoma ishtirokchilarining konstruktiv takliflari asosida poytaxt jamoat transportini yangi sifat bosqichiga olib chiqish bo‘yicha 9 ta ustuvor yo‘nalish shakllantirildi:
1. Tig‘iz soatlarda qatnov oralig‘ini yanada qisqartirish: Respondentlarning 80 foizdan ortig‘i ertalabki (07:00–09:30) va kechki (17:00–19:30) tig‘iz paytlarda yo‘nalishlarga qo‘shimcha avtobuslar safarbar etish orqali harakat intervalini 3–5 daqiqagacha tushirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
2. Katta sig‘imli avtobuslar parkini kengaytirish: Yo‘lovchi oqimi yuqori bo‘lgan magistral yo‘nalishlarda, ayniqsa, Mirobod, Uchtepa, Yangihayot, Yashnobod va Sergeli tumanlarini bog‘lovchi tarmoqlarda o‘ta katta sig‘imli (“garmoshka”) avtobuslar sonini ko‘paytirish taklif etilmoqda.
3. Metropoliten quvvatini oshirish: Yangihayot va Sergeli kabi jadal o‘sayotgan hududlar aholisi ehtiyojidan kelib chiqib, tig‘iz vaqtlarda metro poyezdlari tarkibini 5 vagonli qilish hamda intervalni 2–3 daqiqagacha qisqartirish choralarini izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.
4. Maxsus “A” tasmali yo‘laklarda ustuvorlikni ta’minlash: Poytaxt ko‘chalarida tashkil etilgan alohida avtobus yo‘laklarida jamoat transportining to‘siqsiz va tezkor harakatlanishini kafolatlash uchun statsionar hamda avtobuslarga o‘rnatilgan mobil kameralar orqali nazoratni kuchaytirish butun shahar bo‘ylab yo‘ldagi vaqt sarfini keskin kamaytiradi.
5. Kechki Toshkent uchun barqaror qatnov: Poytaxtning kechki ijtimoiy-iqtisodiy hayoti jo‘shqinligini ta’minlash maqsadida soat 21:00 dan keyin ham markaziy va tumanlararo yo‘nalishlarda soat 23:30 ga qadar 15–20 daqiqalik aniq jadval asosida avtobuslar harakatini kafolatlash rejalashtirilmoqda.
6. Xizmat madaniyati va harakat xavfsizligi: Haydovchilarning malakasi va muomala madaniyatini oshirish, yo‘lovchilarni chiqarish va tushirishda to‘xtash intizomiga qat’iy amal qilishni yo‘lga qo‘yish harakat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
7. To‘liq inklyuzivlik va salon mikroklimati: Imkoniyati cheklangan fuqarolar hamda bolalar aravachasi bilan harakatlanuvchi ota-onalar uchun panduslarning doimiy ishlashini ta’minlash, shuningdek, mavsumga qarab avtobus va metro salonlarida sovitish hamda isitish tizimlarini raqamli sensorlar orqali onlayn nazorat qilish ilgari surilmoqda.
8. Raqamli servislar aniqligini oshirish: Mobil ilovalarda (3TM, ATTO) avtobuslarning real vaqtdagi GPS ma’lumotlari uzatilishini mukammallashtirish, validatorlarning uzluksiz ishlashi hamda salonlarda manzillarni ovozli e’lon qilish tizimining doimiy faoliyatini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
9. Yo‘lovchilik madaniyatini yuksaltirish: Jamoat transportida qulaylik nafaqat infratuzilmaga, balki yo‘lovchilarning o‘zaro hurmatiga ham bog‘liq.
Shu bois metro o‘tish joylarida, eskalatorlarda va vagon eshiklari oldida tartibli harakatlanish madaniyatini targ‘ib qiluvchi media-loyihalarni keng yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.
Xalq ovozi — sessiya qarori va amaliy chora-tadbirlar asosi
Muxtasar aytganda, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan o‘tkazilgan mazkur sotsiologik tadqiqot poytaxtimizda jamoat transporti sohasidagi islohotlar aholining kundalik hayotida o‘z ijobiy ifodasini topayotganini ko‘rsatdi. Eng muhimi, tadqiqot xulosalari va hamshaharlarimiz bildirgan takliflar e’tiborsiz qolmadi — ular 22-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida atroflicha muhokama qilindi.
Sessiya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Kengash qaroriga muvofiq, so‘rovnomada aholi tomonidan ko‘tarilgan har bir dolzarb masala va ilgari surilgan xalqchil tashabbuslar bo‘yicha mas’ul tashkilot hamda mutasaddi idoralar zimmasiga aniq muddatli vazifalar yuklatildi. Zero, jamoatchilik fikri va deputatlik nazorati uyg‘unligida qabul qilingan bunday amaliy qarorlar poytaxt transport infratuzilmasini yanada insonparvar, xavfsiz va yuqori sifatli tizimga aylantirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Baxtiyor BEKMURZAEV,
Demokratik jarayonlarni
tahlil qilish markazi eksperti