Pora olmay mukofot olsa boʻladi....
Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq sudlarda faoliyat olib borayotgan har bir sudya va sud xodimlari oʻz xizmat vazifasi va fuqarolik burchini bajarishga vijdonan yondashib, taraqqiyot kushandasi hisoblanmish korrupsiyaga qarshi kurashda munosib tarzda oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
Xususan, 2018-yil 12-noyabr kuni fuqaro E.Haydarov familiya va ism oʻzgartirilgan) fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining sudya yordamchisi G.Joʻraboyevadan sudya Sh.Axunbayevning ish yurituvida boʻlgan fuqarolik ishi boʻyicha ekspertiza xulosasi yuzasidan tushuntirish olib, qarshilik koʻrsatishiga qaramasdan sellofan konvertga solingan daftarni “ishlatasiz” deb tashlab ketgan.
G.Joʻraboyeva zudlik bilan bu haqda sud raisiga xabar berib, xolislar ishtirokida konvert ichiga qaralganda unda 5 000 (besh ming) soʻmlik pullar mavjudligi aniqlangan va holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, aybdorga nisbatan qonunda belgilangan chora koʻrish uchun Fargʻona shahar ichki ishlar boʻlimiga xabarnoma berilgan.
Bundan tashqari, 2019-yil 8-oktyabr kuni fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining sudya yordamchisi M.Xoliqova ishlarni yakunlab, sud majlisi zalidagi stol ustini tartibga keltirish chogʻida hujjatlar orasidagi konvertlarning birini ichida 100 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari borligi aniqlangan.
M.Xoliqova darhol sudya E.Ismoilov va sud raisiga xabar bergan. Holat yuzasidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilgan va daliliy ashyo sifatida olingan pullar bilan birgalikda masalaga qonuniy baho berish uchun Fargʻona shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Fargʻona shahar prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshirish davomida pul mablagʻlarining kimga tegishli ekanligi, qachon va kim tomonidan nima maqsadda olib kelinganligi aniqlanmaganligi sababli toʻplangan hujjatlar yakuniga koʻra biron-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi bois, jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad qilingan.
Yuqoridagi har ikki holatda ham sud xodimlari oʻzlarini yoʻldan urishga uringan shaxslarning makr-hiylasiga uchmay, nafs yoʻliga kirmasdan, fuqarolik burchiga sodiq qolib, vijdon amriga boʻysungan holda aybdorlarga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini istab rahbariyatga xabar bergan va sud xodimi shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etilishini oldini olinishiga munosib hissa qoʻshgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona viloyatining barcha sudya va sud xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda fuqarolik burchini va xizmat vazifasini sidqidildan bajarib sudda korrupsiyani kelib chiqishini oldini olishda koʻrsatgan oʻrnak hamda qoʻshgan hissasi uchun sudya yordamchilari viloyat sudi tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Bu kabi tadbirlarni oʻtkazilishi korrupsiyani kelib chiqishini oldini olish, sogʻlom muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.