Pop o‘riklari xorijga eksport qilinmoqda
Fasllar kelinchagi bahorning ayni qiziyotgan damlarida Namangan viloyatining Pop tumanida pishib yetilgan o‘rik mevasi masumda birinchilardan bo‘lib Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Koreya kabi o‘nlab davlatlarga eksport qilinadi.
Qayd etish kerakki, tog‘li hududlarga tutash yirik tumanda bir necha yillardan buyon dashtlikdan iborat bo‘lgan, maqsadsiz va samarasiz yotgan yerlarda intensiv bog‘ yaratilib, innovatsion texnologiyalar joriy etildi.

Omilkor tadbirkor, Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati, O‘zLiDeP faoli Anvar Qodirov tomonidan “Nuran.uz” meva-sabzavotchilik klasteri MCHJ faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida yaroqsiz yerlar yashil maskanga aylantirildi. Ushbu maydonga to‘rtta quduq qazilib, 102 gektar yerda tomchilatib sug‘orish yo‘li bilan Ispaniya davlatidan keltirilgan ertapishar, hosildor o‘rik, shaftoli, na’matak navlari ekildi.
Hozirgi kunda 500 ta mavsumiy va 50 ta doimiy ishchi o‘rni yaratgan meva-sabzavotchilik klasterida joriy yilgi mavsum davomida o‘rikning o‘zidan 1000 tonna atrofida hosil olish hamda chet davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA