Poliklinikada qulay sharoit yaratildi
Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika "Tashabbusli byudjet"ning 1 milliard 200 million so‘m mablag‘i hisobidan mukammal ta’mirlandi. Ushbu yumushni "Kapital stroy" mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari amalga oshirdi.


—Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikamiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgani tuman aholisi uchun bayram tuhfasi bo‘ldi, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Sanat Qodirov.--
Bino nafaqat ta’mirlandi, uning infratuzilmasi rivojlantirildi. Isitish tarmoqlari bugungi texnologiyalar asosida takomillashtirilib, tor doiradagi shifokor va hamshiralarning ishlashi, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Shunga yarasha yangi jihoz, yangi tibbiy apparatlar keltirilib, malakali va tajribali tibbiyot xodimlari bilan to‘ldirildi.


Eng muhimi, tuman aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi bu ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika Sirdaryo shahrida istiqomat qilayotgan 45 ming nafar aholiga ham xizmat ko‘rsatadigan oilaviy poliklinika vazifasini o‘taydi. Ammo mukammal ta’mirlanmasdan oldin shart-sharoit, tibbiy diagnostik apparatlar bilan bog‘liq muammolar bor edi. "Tashabbusli byudjet" loyihasi tufayli tibbiyot xodimlarini qiynab turgan muammolar ortda qolib,bu maskanda havas qilarli sharoitlar yaratildi. Bundan aholi xursand bo‘lmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri