Po‘lat Usmonov: “O‘zbek jang san’atini rivojlantirish asosiy vazifamiz”
Qadimiy qo‘lyozmalar va milliy an’analar zamonaviy sportga qanday asos bo‘lgan? Milliy sport turlarimiz, xususan O‘zbek jang san’atining jahon sport maydonidagi o‘rni va uning noyob jihatlari, rivojlanish tendensiyalari milliy sport turlarimizning izlanuvchan mutaxassislaridan biri, O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov bilan suhbat jarayonida tahlil etildi.
Asrlar davomida shakllanib kelgan milliy o‘yinlar, turli yakkakurash yo‘nalishlari, qadimiy qo‘lyozmalarda keltirilgan ma’lumotlar xalqimizning madaniy tarixi asrlar bilan tengdoshligidan dalolat beradi.
Bugun xalqaro maydonda sambo nomi bilan tanilgan sport turi milliy kurashimizdan andoza olgani, ot sportining polo yo‘nalishi ota-bobolarimizning qadimiy o‘yin turlaridan biri - chavgondan kelib chiqqani, shaxmatning qaysidir elementlari yurtimizda paydo bo‘lgani hech kimga sir emas.
E’tiborli jihati, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng bir guruh izlanuvchan olimlar, mutaxassislar, jonkuyarlarning sa’y-harakati natijasida xalq o‘yinlari sifatida qadrlanib kelingan milliy o‘yinlarimiz sport turi sifatida o‘z qaddini tikladi.
Qisqa fursatda davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida kurash, belbog‘li kurash, turon, O‘zbek jang san’ati yo‘nalishlari sport turiga aylantirildi. Ularning terminologiyasi, qonun-qoidasi, sport liboslari yaratildi. Texnik-taktik usullar mundarijasi ishlab chiqildi. Musobaqalarni o‘tkazish mezonlari belgilandi. Nafaqat mamlakatimizda, xalqaro maydonda chempionatlar, birinchiliklar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilishiga erishildi.
Eng e’tiborlisi, milliy sport turlarimizning jahon sport turlari orasida ko‘payishi tufayli azaliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizning o‘lmas merosiga yangi hayot bag‘ishlandi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov bilan suhbatimiz davomida ayni masalalar xususida so‘z yuritildi.
Muloqotimiz jarayonida O‘zbek jang san’ati sport turining karate, taekvondo, ushu kabi yakkakurashlardan farqli jihatlari, dunyoning ko‘plab shaharlaridagi muzeylarda saqlanayotgan xalqimiz tarixi, yakkakurash turlariga oid noyob qo‘lyozmalar, milliy o‘yinlarimiz, jang san’atlarimizning o‘rganilmagan jihatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar aytib o‘tildi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Nishonboy Abduvoitov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (motnaj),
O‘zA