Pokiston delegatsiyasi “Olot” terminalida
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish va tashqi savdo jarayonlarini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday muhim hamkorlik tashabbuslari doirasida Pokiston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abbas Zahir boshchiligidagi delegatsiyaning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida delegatsiya a’zolari “Olot” bojxona terminalida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy bojxona infratuzilmasi va tashqi savdo ishtirokchilari uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrifning asosiy maqsadi Pokistondan O‘zbekistonga import qilinayotgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish jarayonlari, bojxona qiymatini belgilash mexanizmlari, to‘lovlarni hisoblash va undirish tizimi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Delegatsiya vakillariga “Olot” bojxona terminalida yo‘lga qo‘yilgan ish jarayonlari, yuklarni qabul qilish va rasmiylashtirish bosqichlari, axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari hamda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ayniqsa, tashqi savdo operatsiyalarini tezkor va shaffof amalga oshirish, tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt sarfini kamaytirish, zamonaviy yondashuvlar asosida bojxona xizmatlarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv jarayonida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning bugungi holati, tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari hamda import operatsiyalarining amaldagi jarayonlari tahlil qilindi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan Pokistondan kirib kelayotgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartiblari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Unda bojxona nazorati shakllari, tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash usullari, xavflarni boshqarish tizimi, bojxona to‘lovlarini hisoblash va undirishning amaldagi mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Muloqotlar davomida ikki tomon ham tashqi savdo jarayonlarini yanada soddalashtirish, tadbirkorlar duch kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni oldindan aniqlash va ularga samarali yechim topish, bojxona ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Tashrif doirasidagi uchrashuvlar nafaqat bojxona sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, balki ikki davlat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlarni belgilab berish nuqtai nazaridan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Chunki bugungi kunda xalqaro savdoda tezkorlik, shaffoflik va ishonchli hamkorlik eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Bojxona tizimidagi o‘zaro tajriba almashinuvi esa tovarlar harakatini yengillashtirish, savdo aloqalarini kengaytirish va iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri