Pokiston bilan ilmiy hamkorlik kengayadi
Tadbirda TDSHU va Pokistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasiga yangi tayinlangan konsul Xurram Ali boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda TDSHU va Pokistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi.
Universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva suhbat davomida oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ushbu taʼlim maskani tarixi, tuzilmasi, faoliyati hamda bitiruvchilari haqida maʼlumot berdi. Konsul Xurram Ali ayni payt elchixona uchun Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirish muhimligi, ushbu jarayonda TDSHU alohida eʼtiborga olinishini qayd etdi.
Uchrashuv chogʻida, jumladan, janob Xurram Ali bilan dunyo reytingida kuchli 1000 talikka kiradigan Panjob universiteti bilan hamkorlik shartnomasini imzolash masalasi koʻtarildi. 150-yillik tarixga ega mazkur universitetda ham sharqshunoslik fakulteti borligi alohida taʼkidlandi.

- Bugungi kunga qadar TDSHUda Pokiston oliy taʼlim muassasalari bilan munosabatlar oʻrnatilmagan edi - deydi xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Elyor Mahmudov. – Shu maʼnoda urdushunoslikni rivojlantirish uchun Pokistonning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatish va birgalikda tizimli faoliyat olib borish muhim ahamiyatga ega.
Tomonlar yaqin orada hamkorlik memorandumini Lahor shahrida yoki onlayn tarzda imzolashga hamda mazkur memorandum doirasida talabalar va professor-oʻqituvchilar stajirovkasi hamda onlayn darslar uyushtirish, ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olishdi. Bundan tashqari, mehmonlar TDSHU urdushunos talabalari uchun sinxron tarjima sinfini ochish masalasi oʻrganib chiqilishini taʼkidlashdi.
Maʼlumot oʻrnida keltirish joiz, TDSHUda 1944-yildan beri urdu tili oʻqitib kelinadi. Hozirda urdu tili, Pokiston tarixi, siyosati va iqtisodiyoti boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. 2009-yil elchixona koʻmagida tashkil etilgan Pokiston markazi oʻquv-ilmiy adabiyot bilan taʼminlangan.