Pnevmatik qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi
Aytib o‘tish kerakki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramay, o‘qotar bo‘lmagan, ya’ni pnevmatik qurolga noqonuniy egalik qilish, uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish bilan bog‘liq holatlar kuzatilmoqda.
Mana shuning o‘ziyoq mavjud qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Shu maqsadda “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220-1-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqildi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun muhokama qilindi.
Amaldagi qonunchilikda pnevmatik va shunga o‘xshash boshqa qurollarni o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar organlariga topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmagani qayd etildi. Bu aholining mazkur qurollarni o‘z ixtiyori bilan mutasaddi idoralarga topshirmaslik sabablaridan biri bo‘lmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, fuqaro o‘z ixtiyori bilan pnevmatik qurolni olib kelib topshirsa – ushbu qurol musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravariga, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.
Vaholanki, Jinoyat kodeksining 248-moddasida jamoat xavfsiziligi darajasi ancha yuqoriroq bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilgan huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida qonunchilikka pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish quroli kabi o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, noqonuniy egalikdagi qurolning ixtiyoriy ravishda topshirilishini targ‘ibot-tashviqot qilish ishlarini to‘sqinliksiz tashkil etilishiga huquqiy zamin yaratiladi.
N.Abduraimova, O‘zA