Piskentlik pillakorlarning shashti baland
Mamlakatimizda yana bir muhim mavsum boshlandi. Dehqoncha qilib aytganda pillakorning “paytavasiga qurt” tushdi.
Pillakorlarning bir oylik mehnati bir yillik ish stajiga o‘tadi, bu davlat kafolati. Pilla hosili qancha yuqori bo‘lsa, daromadi ham shuncha yaxshi bo‘ladi. O‘tgan yili Toshkent viloyati Piskent tumanida ham shunday bo‘ldi. Ikki- uch quti ipak qurti boqib sifatli xom- ashyo topshirgan pillakorlarning cho‘ntagi pulga to‘lgan. Bu yoqda o‘tin jamg‘arilgani, odamlarning mavsumiy bo‘lsa-da ish bilan ta’minlanganini aytmaysizmi. Hatto ba’zilar “Kobalt” yo “Lasetti” mashinasida, ayrimlar elektromobilida tut bargini tashidi. Foydasi aniq-da. Pilla topshirsa bas tarozi boshida har kilosiga 40 ming so‘mdan pul oladi. Pillani tillaga aylantirishni ko‘zlayotgan tadbirkor ilg‘or pillakorlarga mukofot ham va’da qilgan. Shu bois bu yil piskentlik usta pillakorlarning g‘ayrati, shashti baland.

Tuman “Agropilla”idorasi rahbari Sanobar Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, joriy yil tumandagi fermer xo‘jaliklari bilan 2141 quti, kasanachilar bilan 900 quti, jami 3 ming 41 quti ipak qurti boqish uchun shartnomalar tuzilgan. Maqsad 182 tonna pilla xomashyosini yaratish.
– O‘zim kabi ipak qurtiga mehri tushgan ishchan ayollarni ko‘rganda quvonib ketaman, beixtiyor hosilga baraka, deyman. Umringizga baraka, deyishadi ular ham. Yosh pillakor do‘stlarimdan esa maslahatimni ayamayman. Ular ham so‘rashdan charchamaydi. Aslida pilla boqish orqali ro‘zg‘orga qo‘shimcha pul kirib kelsa kim quvonmaydi, deysiz. Bu ishsiz o‘tirgan yo turli sababga ko‘ra kambag‘allar ro‘yxatiga tushib qolgan ayollar uchun juda qulay. Qolaversa bu sohaning daromadi, odamga xush yoqadi, juda barakali. Buni 40 yillik pillakor sifatida yaxshi bilaman, – deydi Sanobar Jo‘rayeva. – Bu yil tumanimiz hokimi pillachilikka jiddiy e’tibor qaratdi. Yangi tut ko‘chatlari ekildi, tutzorlar sug‘orildi. Bundan tashqari, xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida tumanning turli hududlaridagi bo‘sh turgan binolar ta’mirdan chiqarildi. Ishsiz ayollar ishtirokida 50 quti ipak qurti boqishga kirishildi. Bu tashabbusga qo‘shilgan ayollarning g‘ayrat va shijoatini, mamnunligini ko‘rib xursand bo‘lasiz. Biz bilan pilla xom-ashyosini qabul qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan "Huading Industrial" MCHJ XK korxonasi rahbarlari vaziyatni o‘z nazoratiga olgan. Ular ipak qurti boqish jarayonida paydo bo‘layotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqda. Ana shu sababli ham baralla ayta olamanki, bu yil piskentliklar pilla yetishtirish bo‘yicha tuzilgan shartnomani viloyatda birinchi bo‘lib uddalashadi.

Abdunabi Aliqulov, O‘zA