Piskent pillakorlari zafar marrasida
Toshkent viloyati Piskent tumani pillakorlari 146 tonnalik "kumush tola" xirmonini uyib, peshqadamlar safida g‘alaba marrasini zabt etdi.
Mavsumda qariyb 2 ming 570 quti ipak qurtini zarur agrotexnika qoidalari asosida parvarishlab, kutilgan natijaga erishildi. 146,1 tonna pilla topshirib, "JINJUZ SILK CO" MCHJ bilan tuzilgan yillik pilla yetishtirish rejasi 100,7 foizga uddalandi. Zahmatkash pillakorlarning mehnat zafarida “Rahmatjonova Sarvinoz”, “Ibodullayev Xaydarali”, "Otaqo‘ziyev Nurali" fermer xo‘jaliklari pillakorlarining hissasi salmoqli bo‘ldi. Mavsumda birinchi bo‘lib baraka hosilini topshirgan Suyunboy Abdurahmonov, Nabi Oqqulov, Dilbar Normatova singari kasanachilar erishgan yuksak natija pillakorlarga namuna bo‘ldi.

"Agropilla" MCHJ tuman bo‘limi rahbari Sarvarbek Mamirov hamda tajribali pillakor, "Qishloq xo‘jaligi fidoyisi" Sanobar Jo‘rayeva, agronomlar Haydar Axmedov, Akrom Hoshimov, Lola G‘aniboyeva, Dilafro‘z Xoliqulova singari mutaxassislar pillakorlarga doimo ko‘makdosh, madadkor bo‘lishdi.
Pillakorlarning ilk muvaffaqiyati g‘alla va paxta yetishtirishda ham takrorlanishiga ishonamiz.

Piskent tumani hokimligi
Axborot xizmati