Pillachilik bo‘yicha sayyor uchrashuvlar o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida pillachilikni yanada rivojlantirish, sohada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda joriy mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida sayyor uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur tadbirlar tuman hokimi Komiljon Mullajonov boshchiligida, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorligida o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda hokim o‘rinbosarlari, jumladan, oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullar, qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, shuningdek, “Agropilla” MCHJ rahbariyati ishtirok etdi. Shu bilan birga, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, suv iste’molchilari uyushmalari raislari, mahalla faollari, xotin-qizlar yetakchilari hamda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi vakillari faol ishtirok etishdi.

Tadbirlar davomida pillachilik tarmog‘ining iqtisodiy ahamiyati, ayniqsa, qishloq aholisi bandligini ta’minlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, pillachilik nafaqat qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i, balki xotin-qizlar uchun barqaror daromad manbai sifatida ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, sohani rivojlantirish orqali oilalar farovonligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga erishish mumkin.

Mutaxassislar tomonidan ipak qurti parvarishini samarali tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla boqish uchun zarur sharoitlarni yaratish, kasalliklarning oldini olish hamda yuqori sifatli mahsulot yetishtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, har bir hududda ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, mas’ullar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


— Pillachilik sohasi bo‘yicha bugun o‘tkazilgan sayyor uchrashuv pilla boqarlar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi. Unda ishtirokchilar mutaxassislar tomonidan ipak qurti parvarishini to‘g‘ri tashkil etish orqali yuqori hosildorlikka erishish, tut plantatsiyalarini kengaytirish, mavjud daraxtlarni parvarish qilish va sifatli ozuqa bazasini shakllantirish masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, pillachilik orqali xotin-qizlar uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi, — deydi tuman “Agropilla” MCHJ rahbari Begmurod Negmurodov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri