Pilla yetishtirish rivojlanmoqda
Jizzax viloyatida joriy mavsum uchun 2 ming tonna pilla yetishtirish rejasi belgilangani sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar yuqori bo‘lib, tarmoqda o‘sish sur’atlari barqaror tus olayotganini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, 28 ming nafar xotin-qizni pillachilikka jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbai yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa pillachilikning nafaqat iqtisodiy, balki muhim ijtimoiy ahamiyatga ega soha ekanini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, viloyatda 70 ta markazlashgan pillaxona tashkil etish va ularni bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu infratuzilmani modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mahsulot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, pillachilik tarmog‘i qishloq xo‘jaligining strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u aholi bandligini ta’minlash bilan birga eksport salohiyatini kengaytirish va milliy iqtisodiyotga barqaror mablag‘ keltirishda muhim o‘rin tutadi.
Do‘stlik tumanidagi Saritepa mahallasi hududida joylashgan markazlashgan pillaxonada yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda. Bu yerda 50 quti ipak qurti urug‘ini parvarishlash jarayoni yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, barcha agrotexnik talablar asosida ishlar amalga oshirilmoqda. Ipak qurti uchun qulay muhit yaratish orqali yuqori hosildorlikka erishish maqsad qilingan.
Mazkur amaliy ishlar kelgusida pillachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, mahsulot hajmi va sifatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Bu esa “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning joylarda izchil va samarali amalga oshirilayotganining yana bir tasdig‘idir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA