Pilla urug‘chiligi korxonalari faoliyati rivojlanmoqda
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi mas’ullari Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi "Xuashen silk Pro" MCHJ qo‘shma korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumki, "Xuashen silk Pro" MCHJ qo‘shma korxonasi urug‘chilikka ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bu yerda 2022 yil 20 ming qutidan ortiq ipak qurti urug‘lari tayyorlandi. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan xitoylik hamkorlar bilan birgalikda mazkur korxona faoliyatini rivojlantirishga doir tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, 2023 yildan boshlab bir jinsli ipak qurtlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Chunki bir jinsli ipak qurtining o‘rtacha hosildorligi boshqa urug‘larga qaraganda 15-20 ba’zan 30 foizgacha ko‘proq bo‘lishi bilan farqlanadi.

Ishchi guruh a’zolari dastlab mazkur korxonada tayyorlangan ipak qurti urug‘larining saqlanish jarayonlari, pilla yig‘imining 3-4 mavsumida qilingan ishlar bilan tanishdi. Pilla ozuqa bazasining holati o‘rganildi. Korxona faoliyatini kuzatish davomida ishchi guruh tomonidan mutaxassislarga urug‘larni sifatli saqlash, mikroanaliz qilish yuzasidan maslahatlar berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA