Pekinda parlamentlararo hamkorlik va mintaqaviy taraqqiyot masalalariga e’tibor qaratildi
Pekin shahrida Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari a’zolari uchun qonunchilik organlarining zamonaviy taraqqiyot jarayonlaridagi o‘rni hamda Xitoy – Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlis Senati a’zolari Anvar To‘ychiyev hamda Jamila Bobonazarova ham ishtirok etdi.
Seminarda senator A.To‘ychiyev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq, amaliy va pragmatik tashqi siyosat, mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy tashabbuslari hamda yangi O‘zbekistonni barpo etish doirasida amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy islohotlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida parlamentlarning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni, davlatlararo kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlash, parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va qonunchilik sohasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish amaliyoti, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish hamda gumanitar hamkorlikni kengaytirishga doir fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir doirasida “Davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashinuvini mustahkamlash va yuqori sifatli rivojlanish orqali umumiy modernizatsiyani ilgari surish” mavzusida seminar ham bo‘lib o‘tdi.
Seminardan keyin Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shohrat Zakir hamda Markaziy Osiyo davlatlari parlament delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Parlament a’zolari o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, «Xitoy – Markaziy Osiyo» formati doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
N.Abduraimova,
O‘zA