Pekinda arxeologik ko‘rgazma ochildi
Shu kunlarda Xitoyda “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro loyihasining o‘n yilligi munosabati bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, qiziqarli ko‘rgazmalar tashkil etilgan. Jumladan, “Bir makon, bir yo‘l” jurnalistlari forumi bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman doirasida dunyoning turli davlatlaridan kelgan yuzga yaqin OAV vakillari uchun arxeologik ahamiyatga ega hududlar bo‘ylab sayohat tashkil etilyapti.
Masalan, Pekindagi “Gugun” Imperator saroyi muzeyida “Madaniy meros va arxeologiya sohasida “Bir makon, bir yo‘l” hamkorligi” nomli arxeologik ko‘rgazma ish boshladi. Mazkur ko‘rgazmada, jumladan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti to‘plamlarida saqlanayotgan 18 ta eksponat ham namoyishga qo‘yilgan.
Pekindagi Imperator saroyi negizida yaratilgan, “Taqiqlangan shahar” nomi bilan mashhur “Gugun” muzeyi osmon osti saltanatidagi eng yirik majmualardan biri bo‘lib, YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ilk xitoy inshootidir.
Demak, O‘zbekistonning boy madaniy merosi namunalari mana shunday nufuzli maskanda xalqaro jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.
2024 yil 5 yanvarga qadar davom etadigan mazkur tadbir O‘zbekiston va Xitoy madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA