Pedagoglik va tadbirkorlik – egizmi?
Zamon o‘zgardi, har bir kasb xodimi layoqati doirasida ishbilarmonlik qilishni ixtiyor etayapti. Chunki, bu davr talabi. Deylik o‘qituvchi pedagogik faoliyati jarayonida turli to‘garaklar orqali bemalol ma’lum bir fanlar bo‘yicha tinglovchilariga mashg‘ulotlar o‘tkazishi mumkin va bunday o‘quv markazlar faoliyatini shahar va tumanlarda ko‘p uchratayapmiz ham.
Xalq tilida aytadigan bo‘lsak, bugun o‘qituvchining tirikchilik manbai faqatgina uning oylik maoshi bilan cheklanmaydi. Qaysi bir pedagogda bilim, salohiyat va yana birozgina ishbilarmonlik o‘quvi bo‘lsa bas. Ikkilanmasdan nodavlat tashkilotini ochib, tadbirkorlik qilishi maqsadga muvofiq. Bu borada nodavlat o‘quv markazlari ochib, nonini halollab topayotganlarga «balli» deyish joiz.
Gapning indallosiga kelsak, siz o‘qituvchisiz, ammo topayotgan daromadingiz oilangiz ehtiyojiga yetmaydi. Boy bo‘lishga hammaning haqqi bor. Xo‘sh, unda ishni nimadan boshlash lozim. Albatta, tadbirkorlik faoliyatingizni qonuniy bo‘lishini istab, uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shart. Nazaringizda, xuddi avvalgidek bir dunyo hujjat va ma’lumotlar to‘plab idorama-idora izg‘ish kerak, degan xayolga borayotgan bo‘lsangiz adashasiz. Bor yo‘g‘i, fuqarolik pasportingiz bilan hududingizdagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilasiz, xolos.
Deylik, siz markazga kirdingiz. Elektron navbat orqali markaz mutaxassisiga murojaat qilasiz. Murojaatingiz yuzasidan 10 daqiqa, uzog‘i bilan 20 daqiqa sizga kifoya qiladi. Bu vaqt ichida markaz xodimi sizni yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, ta’sis hujjatlaringiz va tadbirkorlik guvohnomangizni qo‘lingizga tutqazadi. Endi, eng muhimi: bu ishda nodavlat ta’lim tashkiloti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishda davlat boji talab etilmaydi. Biroq, ta’sis hujjatlari markaz xodimlari tomonidan tayyorlab berilgani uchun pullik xizmat to‘lovi mavjud. Bu eng kam ish haqqining 40 foizi miqdoriga teng. Aniqrog‘i, ayni kunda 89 ming 200 so‘mni tashkil etadi.
Asosiy yumush bu - nodavlat ta’lim muassasasiga litsenziya, ya’ni ruxsatnoma olish. Avval bu ruxsatnoma respublika ta’lim nazorati inspeksiyasi tomonidan berilgan. Ayni kunda bu xizmat turi ham davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshirilmoqda. Farqi - bu ruxsatnoma 30 ish kuni mobaynida berilgan va muassasada faoliyat olib boruvchi har bir o‘qituvchining hujjatlari va fan dasturlari yozma shaklda inspeksiyaga taqdim etilgan. Bu ish uchun doimo poytaxtga borib murojaat qilish shart bo‘lgan. Litsenziyaning amal qilish muddati ham 5 yilga berilgan. Ayni kunda bunday ovoragarchiliklar barham topib, talab etiladigan hujjatlar hajmi ham qisqartirilgan.
Keyingi bosqich markaz xodimlariga muassasa joylashgan manzilga yong‘in xavfsizligi va sanitariya epidemiologiya nazorati tashkiloti xulosasi, fan dasturlarining hamda o‘qituvchilarning oliy ta’lim muassasasini tamomlagani haqidagi diplomi elektron ilovasi taqdim etiladi. Arizani ko‘rib chiqish uchun eng kam oylik ish haqqining 2 barobari (246 ming so‘m )miqdorida yig‘im undiriladi. 15 kun mobaynida viloyat ta’lim nazorat inspeksiyasi davlat xizmatlari markazi orqali yuborilgan murojaatingizni qabul qilib, belgilangan ma’muriy reglamentga muvofiq litsenziya berishga loyiq noloyiqligini aniqlab javob qaytaradi.
Sizning hujjatlaringiz xato kamchiliklarsiz taqdim etilgan bo‘lsa, siz litsenziya uchun to‘lovni, ya’ni eng kam oylik ish haqqining 10 barobari miqdorida (2 million 230 ming so‘m) davlat bojini to‘laysiz. Eng quvonarlisi, nodavlat ta’lim tashkilotingiz faoliyati uchun siz muddatsiz litsenziyaga ega bo‘lasiz. Xalq ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, siz o‘zingizga meros tashkilot ochgan bo‘lasiz. Endi yanada bir qulaylik haqida ma’lumot bersak. Siz bu yumushlarni barchasini davlat xizmatlari markaziga kelmay turib ham o‘z xonadoningizdan internet orqali yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirishingiz mumkin.
O‘zi aslida jamiyatda eng boy odam o‘qituvchilar bo‘lishi kerak. Chunki, bu qatlam vakillarining bilimi bor, o‘z iqtidori ortidan minglab o‘quvchilarga ziyo tarqatadilar. Yana shuni ta’kidlamoqchimizki, bugun odamlar ham farzand tarbiyasi, ta’lim olishi uchun sarflangan sarmoyani eng xayrli xarajat ekanligini yaxshi bilishadi. Shu boisdan ikkilanmay o‘quv markazlari ochib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish ham eng xayrli amal ekanligini unutmaylik.
Muxlisa Niyazmetova,
pedagog