Payariqda “rekord” yangilanmadi
Sakkiz soat davom etgan qabul chogʻida viloyat hokimi hamda viloyatdagi sektorlar, boshqarma va idoralar rahbarlari 556 nafar fuqaroning murojaatini tinglandi.
Xabar berganimizdek, 17-fevral kuni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov aholi muammolarini oʻrganish va ularga yechim topish maqsadida Payariq tumanida navbatdagi sayyor qabulini oʻtkazdi.
Sakkiz soat davom etgan qabul chogʻida viloyat hokimi hamda viloyatdagi sektorlar, boshqarma va idoralar rahbarlari 556 nafar fuqaroning murojaatini tinglandi.
Agar qonun talabi boʻyicha qaraydigan boʻlsa, bir ish kuni (8 soat) sayyor qabulga bagʻishlandi.
Albatta, murojaatlar oʻtgan yilgidan (2019-yilning 19-fevral kuni oʻtkazilgan sayyor qabulda 600 dan ortiq murojaat qayd etilgan va bu viloyat boʻyicha eng yuqori raqam edi) biroz kam. Lekin boshqa tuman, shaharlardagi qabullardagi raqamlar bilan qiyoslaganda baribir koʻp.
Bu mazkur hududda yechimini kutayotgan muammolar, kamchiliklar koʻpligidan dalolat berishi barobarida tuman mutasaddilari, viloyatdagi tegishli idoralar rahbarlarining koʻproq xalq orasida boʻlishi, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilishi zarurligini koʻrsatadi. Buni viloyat hokimi ham alohida qayd etdi.
– Bugungi har bir murojaat, har bir fuqaro oʻrtaga tashlagan masala tegishli tartibda koʻrib chiqiladi va ijrosi qatʼiy nazoratga olinadi, – dedi E.Turdimov qabul soʻngida. – Lekin bu barcha masala uzil-kesil hal etiladi, degani emas. Aslida sayyor qabuldan maqsad ham aholi bilan bevosita muloqot qilib, joylardagi real vaziyatdan xabardor boʻlish. Odamlarni nima tashvishga solayapti, eng dolzarb muammo nima – shuni aniqlash va ularga yechim topish. Bu masalalar orasida qisqa vaqtda hal etiladiganlari ham bor, vaqt talab qiladigan, tegishli dasturlar ishlab chiqiladigan muammolar ham mavjud. Muhimi, bunday uchrashuvlardan soʻng har bir rahbar, mutasaddi oʻz faoliyatida qaysi jihatlarga koʻproq eʼtibor qaratishi kerakligini bilib oladi, xalqqa xizmat qilish xalq ichida boʻlishni taqozo etishini anglaydi.