Paxtaoboddagi bunyodkorliklar ijodkorlar nigohida
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami oldidan Paxtaobod tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida tuman hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi hamkorligida press-tur tashkil etildi.
Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari va blogerlar ishtirok etdi. Paxtaobod tumanida bo‘layotgan o‘zgarishlar har qanday kishining havasini keltiradi. Keyingi bir necha yil ichida tumanning, ayniqsa, markazning avvalgi ko‘rinishi butunlay o‘zgardi. Ko‘plab yangi savdo, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, turar-joy binolari, keng va ravon yo‘llar, xiyobonlar bunyod etildi.
– Bugungi kunda Paxtaobod tumanidagi mavjud 68 ta mahallada 240 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Farhodjon Hojimatov. – Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi tumanimizda ham obodlik, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, mustaqilligimizning 35 yillik bayram sanasini o‘ziga xos yutuqlar bilan kutib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Press-tur qatnashchilari dastlab, tumanning chekka hududlaridan Qashqar mahallasida joylashgan 2-umumta’lim maktabida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari hamda 450 o‘ringa mo‘ljallangan yangi bino qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
– Maktabimizda hozirda 1 ming 300 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi, – deydi 2-umumta’lim maktabi direktori Bahromjon Tohirov. – Umumiy qiymati 15 milliard 576 million so‘mga teng loyiha doirasida nosoz holatga kelib qolgan maktabning asosiy o‘quv binosi rekonstruksiya qilinmoqda. Qo‘shimcha 450 o‘rinli yangi bino barpo etilmoqda.
Qurilish va rekonstruksiya ishlari “Ilg‘or San tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan sifatli va belgilangan muddatlarda olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar natijasida o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratiladi. Eng asosiysi, o‘quvchilar bir smenada tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi.
Press-tur qatnashchilari Teraktagi mahallasida ham bo‘ldi. Mahallaning Kamolot, Muqanna ko‘chalarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, yo‘llar asfaltlanadi, yoritish chiroqlari, zamonaviy o‘rindiq hamda chiqindi qutilari o‘rnatiladi. Yo‘l bo‘ylarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mahalla guzari tashkil etiladi.
[gallery-30802]
Shuningdek, tumanda transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida ham muhim loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, umumiy qiymati 28 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida tumanning Zokirjon Habibiy, Nodirabegim, Guliston-Pastqishloq mahallalari hududidan o‘tuvchi 60V-127 avtomobil yo‘lining 4,7 kilometr qismida to‘rt tasmali qilib qayta qurish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida yo‘l chetlariga zamonaviy tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, piyodalar va velosiped uchun yo‘laklar, “Yashil hudud”lar barpo etish ko‘zda tutilgan. Loyiha amalga oshirilishi bilan tumanda transportlarning erkin va xavfsiz harakati uchun qulaylik, piyodalar hamda velosipedchilar uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi.
Tumandagi Nodirabegim mahallasida “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi mahalla konsepsiyasi asosida hudud infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mahallani zamonaviy qiyofaga keltirish va aholi uchun qulay yashash sharoitlari yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
“Yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi hamda “Oltin atirgul” qurilish tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida hududning yo‘l va boshqa infratuzilmasini yaxshilash, jamoat joylarini tartibga keltirish, mahallaning me’moriy qiyofasini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, mazkur mahallada “Eko bozor” – yangi savdo majmuasi ham tashkil etilmoqda. “Samo” MCHJ tomonidan qariyb 4,5 gektar maydonda barpo etiladigan eko bozor savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tumanda zamonaviy uy-joylar qurish, yangi turar joy massivlarini barpo etish borasida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda tumandagi Ma’rifat mahallasida xitoylik investorlar tomonidan zamonaviy uy-joylar qurilishi qizg‘in olib borilmoqda.
Qiymati 15 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida 1,95 gektar maydonda 10 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy barpo etilmoqda. Qurilish ishlarini Xitoyning “YUAN TONG MEGA CONSTRUCTION” kompaniyasi mutaxassislari amalga oshirmoqda. Mazkur investitsion loyiha tumanda zamonaviy uy-joy fondini kengaytirish, aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda hududning shaharsozlik qiyofasini yangilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, press-tur qatnashchilari tumanning Shomat mahallasidagi 18-son ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosidagi rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi.
Qiymati 6 milliard 150 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari “Zubayr lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan olib borilmoqda. Bino ta’mirlanishi bilan tashkilotda ta’lim-tarbiya jarayoni uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Press-tur doirasida ko‘rib o‘tilgan loyihalar, tumanda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, paxtaobodliklarning yashash sharoitlarini yaxshilashga, tuman qiyofasini zamonaviy ko‘rinishga keltirishga xizmat qiladi.
Press-tur davomida jurnalistlar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.