«Paxtakor» uchun Osiyo eshigi: g‘alaba — Elitaga, mag‘lubiyat — ikkinchi turnirga
Bir o‘yin natijasi jamoalarning 2026/27 yilgi mavsumni Osiyoning qaysi darajadagi klub musobaqasida davom ettirishini hal qiladi.
Bugun, 11-avgust kuni Toshkentda Osiyo klub futboli nuqtayi nazaridan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning «Paxtakor» klubi OFK Chempionlar Ligasi Elitaning saralash bosqichida Iordaniyaning «Al-Hussayn» jamoasini qabul qiladi.
Bu oddiy saralash uchrashuvi emas. Bir o‘yin natijasi jamoalarning 2026/27 yilgi mavsumni Osiyoning qaysi darajadagi klub musobaqasida davom ettirishini hal qiladi.
Uchrashuv Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o‘tkaziladi. Uchrashuv soat 20:00da start oladi. Tomonlar avval o‘zaro to‘qnash kelmagan va bu «Paxtakor» hamda «Al-Hussayn» tarixidagi ilk uchrashuv bo‘ladi.

«Paxtakor» yutsa nima bo‘ladi?
Javob oddiy — «Paxtakor» OFK Chempionlar Ligasi Elita musobaqasining asosiy — Liga bosqichiga yo‘l oladi.
2026/27 yilgi mavsumdan Osiyoning eng nufuzli klub musobaqasi kengaytirildi va Liga bosqichida 32 ta klub ishtirok etadi. Saralashning hal qiluvchi bosqichida g‘alaba qozongan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri ana shu 32 klub qatoriga qo‘shiladi.
Demak, «Al-Hussayn» ustidan g‘alaba «Paxtakor»ga Osiyoning eng kuchli klublari bilan bir turnirda kurashish huquqini beradi.
Bundan tashqari, g‘alaba moliyaviy, reyting va nufuz nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. «Paxtakor» yana Osiyoning birinchi raqamli klub musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Mag‘lub bo‘lsa-chi?
«Paxtakor» uchun Osiyo mavsumi tugamaydi.
OFKning 2026/27 yilgi musobaqa reglamentiga ko‘ra, Chempionlar Ligasi Elita saralash bosqichida mag‘lub bo‘lgan klub musobaqadan chiqib ketadi, ammo OFK Chempionlar Ligasi 2 guruh bosqichiga o‘tkaziladi.
Ya’ni:
G‘alaba — OFK Chempionlar Ligasi Elita.
Mag‘lubiyat — OFK Chempionlar Ligasi 2.
Shu jihatdan «Paxtakor» har qanday holatda ham kuzda Osiyo maydonlarida ishtirokini davom ettiradi. Ammo bugungi bahs qaysi darajada ishtirok etishini belgilab beradi.

Raqib — Iordaniya chempioni
«Al-Hussayn»ni kam baholash katta xato bo‘lishi mumkin.
Irbid klubi so‘nggi yillarda Iordaniya futbolida katta kuchga aylandi. Jamoa 2025/26 yilgi mavsumda mamlakat chempionligi va kubogini qo‘lga kiritib, «dubl» qayd etdi. Shu bilan birga, «Al-Hussayn» Iordaniya chempionligini ketma-ket uchinchi marta qo‘lga kiritdi.
Jamoa Osiyo maydonida ham tajriba to‘plab ulgurgan. «Al-Hussayn» 2025/26 yilgi OFK Chempionlar Ligasi 2da chorak finalgacha yetib bordi va bu bosqichda Qatarning «Al-Ahli» klubiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
E’tiborlisi, iordaniyaliklar o‘zbek klublariga qarshi qanday o‘ynashni ham biladi.
O‘zbekiston — Iordaniya klublari: tarix kim tomonda?
OFK klub musobaqalari tarixida O‘zbekiston va Iordaniya klublari o‘rtasida hozirgacha aniqlangan 7 ta uchrashuv o‘tkazilgan.
Umumiy statistikada O‘zbekiston klublari hali ham ustun:
7 o‘yin — O‘zbekiston klublarida 3 g‘alaba, 2 durang va 2 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati — 13:8.
Bu tarixning asosiy qismi «Nasaf» ishtirokida yozilgan.
2011-yilgi OFK Kubogi yarim finalida «Nasaf» Iordaniyaning «Al-Vehdat» klubiga qarshi ikki marta maydonga tushgan. Qarshidagi birinchi bahsda «Nasaf» 1:0 hisobida g‘alaba qozongan, Ammandagi javob uchrashuvi 1:1 hisobida yakunlangan. Natijada «Nasaf» 2:1 umumiy hisob bilan finalga chiqib, keyinchalik musobaqa g‘olibiga aylangan.
2018-yilda esa «Nasaf» Osiyo Chempionlar Ligasi pley-offida Iordaniyaning yana bir mashhur klubi — «Al-Faysali»ni Qarshida 5:1 hisobida tor-mor etdi va guruh bosqichiga yo‘l oldi.
2022-yilgi Osiyo Chempionlar Ligasida «Nasaf» va «Al-Vehdat» yana bir guruhdan joy oldi. Birinchi o‘yinda qarshiliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Ana shu durang «Nasaf»ga o‘z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar Ligasining nimchorak finaliga chiqish imkonini berdi.
Ammo so‘nggi ikki O‘zbekiston — Iordaniya klublari to‘qnashuvi biz uchun omadsiz kechgan.
2024/25 yilgi OFK Chempionlar Ligasi 2 guruh bosqichida aynan bugungi «Paxtakor» raqibi — «Al-Hussayn» «Nasaf» bilan ikki marta o‘ynadi.
Irbidda — «Al-Hussayn» 2:1 «Nasaf».
Qarshida — «Nasaf» 1:2 «Al-Hussayn».
Shu tariqa Iordaniya klubi O‘zbekistonning amaldagi chempionlaridan birini ikki uchrashuvda ham bir xil hisobda mag‘lub etgan.

O‘zaro uchrashuvlar:
2011 — "Nasaf" 1:0 "Al-Vehdat"
2011 — "Al-Vehdat" 1:1 "Nasaf"
2018 — "Nasaf" 5:1 "Al-Faysali"
2022 — "Nasaf" 2:0 "Al-Vehdat"
2022 — "Al-Vehdat" 2:2 "Nasaf"
2024 — "Al-Hussayn" 2:1 "Nasaf"
2024 — "Nasaf" 1:2 "Al-Hussayn"
Jami: 7 o‘yin.
O‘zbekiston klublari — 3 g‘alaba.
Iordaniya klublari — 2 g‘alaba.
Durang — 2 ta.
To‘plar nisbati — 13:8, O‘zbekiston klublari foydasiga.
Endi navbat "Paxtakor"ga
Statistika O‘zbekiston klublarining Iordaniya vakillariga qarshi umumiy ustunligini ko‘rsatadi. Ammo eng so‘nggi ikki to‘qnashuvning har ikkisi aynan "Al-Hussayn" foydasiga hal bo‘lgani bugungi bahs oldidan jiddiy ogohlantirishdir.
Bundan tashqari, "Al-Hussayn"ning o‘zi ham ilk bor OFK Chempionlar Ligasi Elita asosiy bosqichiga chiqish imkoniyati uchun kurashmoqda. Iordaniya tomoni ham bu uchrashuvni tarixiy bahs sifatida baholamoqda.
"Paxtakor" esa o‘z maydonida o‘ynaydi. Saralash bir o‘yindan iborat va xatoni keyingi bahsda to‘g‘rilash imkoniyati yo‘q. OFK reglamentiga ko‘ra, bu bosqichda har bir juftlik g‘olibi bitta uchrashuv orqali aniqlanadi.
Shuning uchun bugun Toshkentdagi 90 daqiqa "Paxtakor"ning butun Osiyo mavsumi maqomini belgilaydi.