“Paxtakor” karvonboshilikni hech kimga bermayapti
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 9-turi ham o‘z yakuniga yetdi. Mazkur turning so‘nggi kunida uchta o‘yin o‘tkazildi. Jumladan, “Xorazm” – “Neftchi” uchrashuvi 0:2 hisobida yakunlangan bo‘lsa, “Qizilqum” – “Qo‘qon-1912” uchrashuvida 2:1 hisobi qayd etildi. “Bunyodkor” esa o‘z maydonida “Andijon”ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ushbu turda qayd etilgan natijalardan so‘ng, “Paxtakor” va “Neftchi” klublari 24 ochko jamg‘argan holda liga jalvalida karvonboshilik qilmoqda. “Navbahor” esa 19 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Shuningdek, “Bunyodkor” 16, “Lokomotiv” va “Buxoro” 14, “Nasaf”, “Xorazm”, OKMK va “Qizilqum” klublari bir xil 12 ochko jamg‘arib, 4-10-pog‘onalarni band etmoqda. Musobaqaning o‘rta pog‘onalarida “Surxon” 11, “Andijon” 10, “Dinamo” va “Qo‘qon-1912” 8 ochko bilan borayotgan bo‘lsa, quyi o‘rinlardan “So‘g‘diyona” 6 ochko bilan, “Mash’al” esa hamon ochkosiz o‘rin olgan.

O‘tgan 9 ta tur mobaynida Dostonbek Hamdamov (“Paxtakor”) va Lyupcho Doriyov (“So‘g‘diyona”) raqib darvozasiga 6 tadan gol urib, to‘purarlar ro‘yxatida peshqadamga aylangan. Ularni 5 tadan gol bilan Temurxo‘ja Abduxoliqov (“Lokomotiv”), Stipe Peritsa (“Neftchi”) va Stefan Chinedu (“Surxon”) ta’qib qilmoqda.

Darvoqe, bu turda eng ko‘p muxlis Xorazmda o‘tgan “Xorazm” – “Neftchi” klublari bahsida kuzatildi. Uchrashuvni stadiondan tomosha qilish uchun 11 ming 270 nafar muxlis tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Superligasida 10-tur bahslari 27–29-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Barcha uchrashuvlar an’anaviy tarzda kechki vaqtga belgilangan.
Turni 27-aprel kuni “Mash’al” — “Buxoro” va OKMK — “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlab beradi. Uchrashuvlar bir xil - soat 19:00 da boshlanadi. 28-aprel kuni esa “Andijon” — “Dinamo”, “So‘g‘diyona” — “Surxon” (19:00) va “Paxtakor” — “Nasaf” (20:00) o‘rtasidagi o‘yinlarga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, 29-aprel sanasida “Qizilqum” — “Xorazm”, “Neftchi” — “Qo‘qon-1912” (19:00), “Bunyodkor” — “Navbahor” (20:00) to‘qnashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA