Parkentda turizm va xavfsizlik masalalari o‘rganildi
Toshkent viloyati prokurori A. Mirzayev Parkent tumanida “Ko‘klam turizmi” mavsumini samarali tashkil etish, turistik hududlarda xavfsizlikni ta’minlash, infratuzilmani rivojlantirish hamda sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ayni paytda tumanda 107 ta joylashtirish vositasi va 7 ta turistik kompaniya faoliyat yuritmoqda. Turizm mavsumida sayyohlar oqimi ko‘payadigan “Qiziltog‘”, “So‘qoq” va “Bo‘ston” hududlarida jamoat xavfsizligini ta’minlash, transport harakatini tartibga solish hamda sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur hududlarda transport harakati tartibga solinib, jamoat xavfsizligi kuchaytirilgan. Joriy mavsum davomida ushbu turistik maskanlarda jinoyatchilikning oldini olishga erishilgan.

O‘rganishlar davomida yana 5 ta turistik hududda infratuzilmani takomillashtirish, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, taqdimotda “Ko‘klam turizmi” raqamli platformasining imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur platforma orqali sayyohlarga dam olish maskanlari, turistik marshrutlar, hududlarda o‘tkazilayotgan tadbirlar hamda mavsumiy xizmatlar haqida tezkor va qulay ma’lumot berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, turistlar oqimini samarali boshqarish, tirbandliklarning oldini olish, turistik hududlarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda raqamli imkoniyatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi Parkent tumanining turistik salohiyatini yanada yuksaltirish, sayyohlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA