Paralimpiyachilarimiz munosib kutib olindi
Joriy yil 10-13 fevral kunlari BAA Dubay shahrida para-yengil atletika bo‘yicha o‘tgan Gran-pri musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi 13 oltin, 5 kumush va 6 bronza – jami 24 medalni qo‘lga kiritib, “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlari uchun qimmatli reyting ochkolariga ega bo‘lishdi.
G‘olib va sovrindorlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, MOQ, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbarlari boshchiligidagi sport jamoatchiligi, ota-onalar, OAV xodimlari munosib kutib olishdi.

– Musobaqa har qachongidan ham kuchli raqobat ostida o‘tdi. Biz esa munosib tayyorgarlik evaziga murabbiylarimiz, ota-ona, qarindosh-urug‘, yaqinlarimiz ishonchini oqladik, – deydi Boburjon Omonov. – Men yadro uloqtirish yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritibgina qolmay, jahon rekordini yangilashga ham muvaffaq bo‘ldim. Navbatdagi maqsadim Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylanish va Paralimpiya rekordini yangilashdir. Buning uchun faqat oldinga intilib, har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga tayyorman.